AsosiyJamiyat

Davlatga tegishli suv havzalari tadbirkorlarga “E-auksion” orqali ijaraga beriladi

'Davlatga tegishli suv havzalari tadbirkorlarga “E-auksion” orqali ijaraga beriladi'ning rasmi

Hukumat qarori (441-son, 02.09.2023 y.) bilan Davlatga tegishli suv havzalarini tadbirkorlik sub`ektlariga “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali ijaraga berish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi

Nizomga ko`ra, 2023 yil 1 oktyabrdan davlatga tegishli suv havzalari foydalanish sharti bilan quyidagi faoliyat turlarini tashkil etish uchun elektron savdo platformasida onlayn-auksion orqali ijaraga beriladi:  

- davlatga tegishli tabiiy va sun`iy suv havzalari (suv omborlari) – baliqni sanoat usulida etishtirish va ovlash uchun; 

- tabiiy va sun`iy suv havzalari (suv omborlari) hamda daryo atrofidagi qishloq xo`jaligiga mo`ljallanmagan er uchastkalari – suv bo`yida plyaj zonalarini tashkil etish, sport-ishqibozlik turidagi baliq ovlash, baliq ovi, qayiqda suzish va suv sayohati bo`yicha xizmatlar ko`rsatish, baliq mahsulotlari, shu jumladan, baliq taomlari savdosi, umumiy ovqatlanish va boshqa turizm xizmatlarini tashkil etish hamda ushbu maqsadlarda engil konstruksiyali qurilmalarni (o`tov lagerlari majmuasi, konteynerlarni) joylashtirish uchun.

Bunda tabiiy va sun`iy suv havzalari (suv omborlari) hamda daryo atrofidagi qishloq xo`jaligiga mo`ljallanmagan er uchastkalariga engil konstruksiyali qurilmalarni o`rnatish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Mazkur nizom quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:

➖ijara shartnomalarining amal qilish muddati tugamagan tabiiy va sun`iy suv havzalariga;  

➖Aydar-Arnasoy ko`llar tizimiga;  

➖Prezident yoki Hukumat qarorlari asosida ijaraga berish belgilangan boshqa davlat mulklariga.  

Suv havzasi (er uchastkasi) kamida 10 yil muddatga, qo`shimcha yana 10 yil muddatga uzaytirish huquqi bilan ochiq elektron onlayn-auksion savdosi orqali shartnoma asosida ijaraga beriladi.

Suv havzasini ijaraga berish yuzasidan tadbirkorlar tomonidan ijaraga beruvchiga tegishli takliflar berish yo`li bilan tashabbus ko`rsatilishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar