“O`zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023 yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ-292, 04.09.2023 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qilmoqda.
Qaror bilan “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki negizida Biznesni rivojlantirish banki hamda uning huzurida quyidagilar tashkil etildi:
-“Kichik biznesni rivojlantirish jamg`armasi” mas`uliyati cheklangan jamiyati;
-hududlarda 14 ta kichik biznesga ko`maklashish markazlari.
Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida Biznesni rivojlantirish banki tomonidan kichik biznes loyihalari uchun 7 yilgacha muddatlarda kreditlar ajratiladi.
Ijobiy kredit va soliq tarixiga ega tadbirkorlarga garov talabi 50 foizga kamaytiriladi.
Qarorga ko`ra, sanoat sohalarida “140 ta ilg`or sanoat korxonasi” dasturi amalga oshiriladi.
Shunga ko`ra, mazkur dasturga kiritilgan tarbirkorlarning loyihalarini moliyalashtirish uchun xorijiy valyutada yillik 4 foiz, milliy valyutada yillik 10 foiz stavkada 10 yil muddatgacha kredit mablag`lari ajratiladi.
Bundan tashqari, dasturni amalga oshirishni raqamlashtirish uchun elektron platforma ishga tushiriladi.
Qarorga muvofiq:
➖qo`shilgan qiymat solig`ining salbiy summasi o`rnini qoplashda (qaytarishda) soliq uzilishi (tax gap) koeffisientini qo`llash amaliyoti taqiqlanadi;
➖QQS bo`yicha maxsus ro`yxatdan o`tkazilganligi to`g`risidagi guvohnomaning amal qilishini to`xtatib turish tartibi bekor qilinadi;
➖foyda solig`i bo`yicha har oy bo`nak to`lovchi tadbirkorlar daromadining chegaraviy miqdori 5 mlrd so`mdan 10 mlrd so`mga oshiriladi.






