Hukumat qarori (435-son, 31.08.2023 y.) bilan Davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda ko`rsatishning ma`muriy reglamenti tasdiqlandi. BU haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Reglamentga ko`ra, davlat xizmatlari Adliya vazirligining Aloqa markaziga (“Call-markaz”) yoki uning rasmiy veb-saytiga murojaat qilish orqali ko`rsatiladi.
“Call-markaz” orqali so`rovnomalar soat 09:00 dan 18:00 gacha ish vaqti davomida qabul qilinadi.
Rasmiy veb-sayt orqali sutkaning istalgan vaqtida murojaat qilinishi mumkin.
Davlat xizmatlarini ko`rsatish vaqti Davlat xizmatlari markazlari (vakolatli organ)ning ish vaqti doirasida belgilanadi.
“Call-markaz” mas`ul xodimi ariza beruvchi nomidan so`rovnomani to`ldiradi va so`rovnomadagi ma`lumotlar tasdiqlangandan so`ng ariza beruvchiga to`lov invoysini yuboradi.
So`ng mas`ul xodim ariza beruvchi bilan telefon orqali bog`lanib, so`rovnomada ko`rsatilgan joyga chiqadi hamda maxsus texnik qurilmalar yordamida (planshet yoki kompyuterga o`rnatilgan daktiloskopiya, printer va boshqalar) davlat xizmatini ko`rsatadi yoki davlat xizmatlaridan foydalanish uchun ariza yuboradi (so`rovnomada belgilangan muddatlarda).
Davlat xizmatlarini joyiga chiqqan holda ko`rsatish yoki davlat xizmatlaridan foydalanishga ariza yuborish uchun Toshkent shahrida BHMning 50 foizi, viloyat markazlarida BHMning 40 foizi, tuman (shahar)larda BHMning 30 foizi miqdorida bir martalik to`lov undiriladi.
O`zgalar yordamiga muhtoj qariyalar, sog`lig`ining holatiga ko`ra mustaqil harakatlanish imkoniyati cheklangan hamda I va II guruh nogironligi bo`lgan shaxslarga davlat xizmatlari ko`rsatilganligi uchun to`lov undirilmaydi.
Shuningdek, ushbu Reglament quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
- milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirishga;
- O`zbekiston fuqarosi, O`zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi bo`lmagan shaxsning identifikasiyalovchi ID-kartasini hamda xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirishga;
- jismoniy shaxsning shaxsiy identifikasiya raqamini berish bo`yicha davlat xizmatlarini ko`rsatishga.






