Ijtimoiy tarmoqlarda avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida kunlik limit qo`yilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holatga Energetika vazirligi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, tabiiy gaz balansi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvarda “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”ga muvofiq ishlab chiqiladi va shu asosda resurslar hamda taqsimot balansi shakllantiriladi.
Bugungi kunda «Hududgazta`minot» AJning hududiy filiallari tomonidan 1 173 ta AGTKShga 2023 yilning 8 oyida 2,5 mlrd kub metr tabiiy gaz etkazib berilgan. Bu miqdor o`tgan yilning mos davridagiga nisbatan 106 mln kub metr ko`pdir.
Bundan tashqari, tabiiy gaz etkazib berishda gaz quvurlarining gidravlik o`tkazuvchanligidan kelib chiqqan holda hisob-kitob asosida soatlik, kunlik, oylik va yillik gaz hajmlar belgilanadi. Mazkur belgilangan gaz hajmlari esa iste`molchilar bilan tuziladigan shartnomalarda ko`rsatib o`tilgan bo`lib, iste`molchilarning buyurtmasi asosida shakllantiriladi.
Shuningdek, iste`molchilar qo`shimcha gaz hajmi xaridi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining qarorida ko`rsatilgan tartib bo`yicha murojaat qilishlari mumkin. Bunda gaz ta`minoti tashkilotlari tabiiy gaz resurslari va gazni taqsimlashning tasdiqlangan balansiga muvofiq ajratilgan hajmlardan kelib chiqib, buyurtmalarni qayta ko`rib chiqishga haqlidir.






