25 avgustda O`zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg`iziston Respublikasi Hukumati o`rtasida fuqarolarning o`zaro kelib-ketishlari to`g`risidagi Bitimga o`zgartirishlar kiritish haqida Bayonnoma kuchga kirdi. Bu haqda Zamon.uz' xabar bermoqda.
Unga ko`ra, ikki davlat fuqarolari uchun Davlat chegarasini kesib o`tishning soddalashtirilgan yagona tartibi joriy etildi. Jumladan, 1 sentyabrdan O`zbekiston va Qirg`iziston fuqarolari 60 kungacha identifikasiya ID-kartasi bilan ikki davlat hududlariga kirishlari, harakatlanishlari va unda bo`lib turishlari mumkin.
Farg`ona viloyati bojxona boshqarmasining O`zbekiston Respublikasi va Qirg`iziston Respublikasi chegarasida joylashgan «O`zbekiston» (Quvasoy shahrida), «Farg`ona» (Farg`ona tumanida), «Rishton» va «So`x» chegara bojxona postlari orqali harakatlanayotgan ikki davlat fuqarolarini ID-karta orqali rasmiylashtirilishi yo`lga qo`yildi. Bu orqali ikki davlat fuqarolari uchun Davlat chegarasini kesib o`tishning yagona soddalashtirilgan tartibi amaliyotga joriy etildi.






