1 sentyabr kuni rekonstruksiyadan so`ng Namangan shahrida xalqaro aeroportning uchib kelish terminali ochildi, deb xabar berdi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.
Yangilangan terminal Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Ekaterinburgdan HY9830 reysining dastlabki 171 nafar yo`lovchisini va Toshkentdan Silk Avia US501 reysining 63 nafar yo`lovchisini qabul qildi.
Uchib kelish zalida yo`lovchilarga xizmat ko`rsatishning umumiy maydoni 720 kv.m dan 1756 kv.m gacha oshdi. Shundan 1365 kv.m. — xalqaro reyslar yo`lovchilariga va 391 kv.m. — ichki reyslarga xizmat ko`rsatish uchun. Shu tariqa, terminalning o`tkazish qobiliyati 3 baravarga oshdi: 100 dan eng tig`iz vaqtda 300 nafar yo`lovchiga xizmat ko`rsata oladi.
Rekonstruksiya doirasida uchib kelish terminaliga yangi bagaj lentalari, chegara nazorati kabinalari, tejamkor suv isitkichlari, sovitish tizimlari va erosti isitish radiatorlari o`rnatildi.
Aeroport terminali ustiga energiya tejovchi quyosh panellari o`rnatildi, ular terminalning umumiy ehtiyojining 30 foizigacha elektr energiyasini ta`minlaydi. Bundan tashqari, 100 ta to`xtash joyiga mo`ljallangan yangi avtomatlashtirilgan avtoturargoh ochildi.
Terminalni mahalliy materiallardan keng foydalanilgan holda yo`lovchilarga xizmat ko`rsatish sifati bo`yicha xalqaro standartlarga javob beradigan barcha shart-sharoitlarni yaratadigan qilib qurdik, — deydi Namangan xalqaro aeroporti direktori Qobiljon Abdunazarov.
Eslatib o`tamiz, biroz avval Zomin aeroporti foydalanishga topshirilgani haqida xabar bergan edik.






