AsosiyJamiyat

Toshkent aeroporti mahalliy aviaqatnovlar terminalining old qismi rekonstruksiyadan so`ng yana ochildi

'Toshkent aeroporti mahalliy aviaqatnovlar terminalining old qismi rekonstruksiyadan so`ng yana ochildi'ning rasmi

​​1 sentyabr kuni “Toshkent-3” mahalliy aviaqatnovlar terminali oldida ikki hafta oldin boshlangan rekonstruksiya qilish ishlaridan so`ng qurilgan yo`lak ochilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar bermoqda.

Endi transport vositalarining terminal oldiga kelishi soddalashtirildi. Shunday qilib, uchta alohida yo`laklar paydo bo`ldi: rasmiy aeroport taksi xizmatlari, sayyohlik avtobuslari va mikroavtobuslar, shuningdek, kuzatuvchi va kutib oluvchilar avtomobillari, shu jumladan agregatorlar bilan ishlaydigan taksilar uchun.

Hududga barcha engil avtomobillar, sayyohlik avtobuslari va mikroavtobuslar uchun 10 daqiqagacha muddatga qisqa muddatli kirishga ruxsat beriladi. Avtomobilning yo`lakda o`tkazgan vaqti 10 daqiqadan oshib ketgan taqdirda, o`rnatilgan va YHXB bilan integrasiyalashtirilgan kameralar qoidabuzarlarga avtomatik ravishda jarima soladi. Shuningdek, kelishning o`ng va chap yo`laklarini ajratib turuvchi sariq chiziqda to`xtash taqiqlanadi va qoidabuzarlik hisoblanadi, buning uchun jarima ham nazarda tutiladi.

“Bugungacha ma`lum bir xavfsizlik talablaridan kelib chiqqan holda avtomototransport vositalari terminal oldiga kira olmas edi. Endilikda biz haydovchilar uchun xalqaro standartlarga muvofiq, yo`lovchilarni terminalda qoldirib, olib ketishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berdik”, — deyiladi “Uzbekistan Airports” AJ Aviasiya xavfsizligi xizmati xabarida.

Vokzal maydonini rekonstruksiya qilish ishlari Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 17-apreldagi 159-sonli “Aeroportlar, temir yo`l va avtovokzallarda xizmat ko`rsatish sifatini oshirishga qaratilgan qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi.

Eslatib o`tamiz, 2024 yilning 1 yanvariga qadar O`zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarda ham terminal oldi hududlarini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi.

    Boshqa yangiliklar