AsosiyJamiyat

O`zbekistonda “Zomin tandir go`shti”, “Marg`ilon adrasi”, “Marg`ilon atlasi”, “Qo`qon pichoqlari” va “G`ijduvon shashlik” patentlandi

'O`zbekistonda  “Zomin tandir go`shti”, “Marg`ilon adrasi”, “Marg`ilon atlasi”, “Qo`qon pichoqlari” va “G`ijduvon shashlik” patentlandi'ning rasmi

Bugungi kunda O`zbekiston dunyoga ochilmoqda, turizm salohiyati kengaymoqda va respublikaning har bir hududining o`ziga xos tabiati va an`analari mavjud bo`lib, ularni jahon miqyosida mashxurlikka erishishida albatta hududiy brendlarni rivojlantirish va uni shu hudud bilan bog`liqligini ko`rsatishda intellektual mulk obektlarning bir turi bo`lgan geografik ko`rsatkichlarning o`rni beqiyos hisoblanadi.

Mamlakatda geografik ko`rsatkichlar 2022-yil 3-martda qabul qilingan “Geografik ko`rsatkichlar to`g`risida”gi Qonun bilan tartibga solinadi.

Ushbu Qonunga ko`ra tovarni muayyan geografik obekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikasiyalovchi belgi geografik ko`rsatkich deb e`tirof etilib, unda tovarning sifati, nom qozonganligi yoki boshqa xususiyatlari uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli darajada bog`liqligi e`tiborga olinadi.

Geografik ko`rsatkichlar xalqaro amaliyotda keng tarqalgan bo`lib, xususan, Jahon savdo tashkilotiga a`zo davlatlar ishtirok etuvchi 1994 yilda imzolangan Intellektual mulk huquqlarining savdo jihatlari bo`yicha bitimida (TRIPS) ham o`z aksini topgan. 2015-yili qabul qilingan Kelib chiqqan joy nomi va geografik ko`rsatkichlar to`g`risidagi Lissabon bitimining Jeneva akti esa ushbu munosabatlarni tartibga soluvchi maxsus xalqaro shartnomalardan biri hisoblanadi.

Ta`kidlab o`tish lozimki, Evropa Ittifoqiga kiruvchi davlatlarda 3000 dan ortiq, Rossiya Federasiyasida 230 dan ortiq geografik ko`rsatkichlar va tovar kelib chiqqan joy nomlari ro`yxatdan o`tkazilgan. Bundan tashqari, Ispaniyada birgina go`sht bo`yicha 16 ta geografik ko`rsatkich, Gruziyada esa vino bo`yicha 20 ga yaqin geografik ko`rsatkichlar ro`yxatdan o`tkazilgan.

Mamlakatda hozirgi kunga qadar 5 ta shunday intellektual mulk obektlari Adliya vazirligidan ro`yxatdan o`tgan, shu jumladan “Zomin tandir go`shti”, “Marg`ilon adrasi”, “Marg`ilon atlasi”, “Qo`qon pichoqlari” va “G`ijduvon shashlik”.

Shu o`rinda mahalliy tadbirkorlik subektlar geografik ko`rsatkich bilan belgilangan mahsulotlarni ishlab chiqarishni muvaffaqiyatli rivojlantirishi mumkin. Sababi O`zbekistonning deyarli barcha hududlarida geografik ko`rsatkichlar sifatida ro`yxatdan o`tkazilishi mumkin bo`lgan noyob mahsulotlar mavjud. “Chust pichog`i”, “Buxoro gilami”, “Baxmal olmasi”, “Mirzacho`l qovuni”, “Samarqand noni”, “Qashqadaryo tandir go`shti”, “Parkent uzumi”, “Qo`qon gilosi” va shu kabi tovarlar O`zbekistondan tashqarida ham ilgaridan mashhur hamda iste`molchilar ushbu tovarlarning sifati va nom qozonganligi uchun juda qadrlaydi.

E`tibor qaratish joizki, geografik ko`rsatkichlar tovar belgilaridan keskin farq qiladi. Xususan, tovar belgisida iste`molchilar mahsulot ishlab chiqaruvchini ularning tovar belgisi orqali tanib oladi va tovar belgisi uni tasarruf etish uchun bir shaxsga, ba`zida jamoaviy kelishgan holda bir nechta shaxslarga tegishli bo`ladi.Bunda tovar belgisi shartnoma yoki lisenziya shartnomasi asosida o`zga shaxslarga berilishi mumkin.

Geografik ko`rsatkichda esa aksincha, u aniq bir shaxsga tegishli bo`lmasdan undan foydalanish huquqi xuddi shu geografik obektda joylashgan (Fuqarolik kodeksining 46-moddasiga muvofiq yuridik shaxsning joylashgan eri u davlat ro`yxatidan o`tkazilgan joy) va huddi shunday xususiyatlarga ega bo`lgan tovar ishlab chiqarayotgan har qanday yuridik yoki jismoniy shaxsga ham berilishi mumkin. Bunda geografik ko`rsatkichdan foydalanish huquqiga ega bo`lgan shaxs o`z huquqini boshqa shaxslarga berishga yo`l qo`yilmaydi.

Geografik ko`rsatkichni ro`yxatdan o`tkazish uchun qonunga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga muayyan geografik obektda joylashgan va ushbu obektning nomidan o`zi ishlab chiqarayotgan tovarni belgilash uchun foydalanayotgan bir necha yuridik yoki jismoniy shaxs talabnoma topshirishlari mumkin.

Shuningdek, yuridik va (yoki) jismoniy shaxslarning manfaatlarini ifodalovchi nodavlat notijorat tashkilotlar (masalan Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi va h.k.) va tegishli geografik obekt joylashgan hududdagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi tomonidan ham geografik ko`rsatkichni ro`yxatdan o`tkazish uchun talabnoma berishlari mumkin.

Ro`yxatdan o`tgan geografik ko`rsatkichdan foydalanishni istagan tadbirkorlik subekti belgilangan tartibda (Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Ma`muriy reglament) Adliya vazirligiga talabnoma topshirishlari mumkin. Albatta bunda tadbirkorlik subekti ushbu geografik obektda joylashgan va tegishli tovarni ishlab chiqarayotgan bo`lishi lozim.

    Boshqa yangiliklar