Prezident o`z nutqida rivojlangan fuqarolik jamiyatini shakllantirish haqida gapirib, buni so`z va matbuot erkinligisiz tasavvur qilib bo`lmasligini qayd etdi. Shuningdek, davlat rahbari doimo erkin fikrli jurnalistlar tarafida bo`lishini bildirdi.
“Yangilangan Konstitusiyamizda O`zbekistonning dunyoviy davlat va turli madaniyatlarni birlashtirgan makon ekani aniq belgilab qo`yildi. Bizning kuch-qudratimiz – mana shunda, biz bu boylikni ko`z qorachig`idek asrashimiz kerak. Tarixga qaraydigan bo`lsak, asrlar davomida yurtimizda turli xil e`tiqod va qarashlar, dinlar, madaniyatlar bag`rikenglik bilan qabul qilinganini ko`ramiz.
Biz – nizolarni urush bilan emas, tinchlik bilan hal etish yo`lini tanlaydigan xalqmiz. Biz barcha xalqlar bilan hamisha murosayi madora, do`stlik va hamkorlikda yashab kelganmiz. Bugungi taraqqiyot yo`limizda ham aynan shu tamoyillarga tayanamiz.
Bizga, birinchi navbatda, kuchli fuqarolik jamiyati zarur, chunki har qanday islohot har birimizning yuragimizdan, ongimizdan boshlanishi lozim. Adolatli qonunlar bo`yicha vijdonan yashashga tayyor bo`lishimiz, mamlakat kelajagi uchun bir yoqadan bosh chiqarib, olg`a qadam bosmog`imiz kerak.
Bugun rivojlangan fuqarolik jamiyatini shakllantirish haqida gap borar ekan, buni so`z va matbuot erkinligisiz tasavvur qilib bo`lmaydi. Butun dunyoda jurnalistlar o`zlari va jamiyatni o`ylantirayotgan, xavotirga solayotgan mavzular haqida gapirish va yozish huquqi uchun, haqiqat uchun kurashganlar va bundan keyin ham kurashadilar.
Ammo, ishonch bilan ayta olamanki, men erkin fikrli jurnalistlar tarafida bo`lganman va doimo shu pozisiyada bo`laman. Ayni vaqtda axborot makonida haqqoniylik va xolislik bosh mezon bo`lishi kerak”, — deydi prezident.






