Namangan viloyati Yangiqo`rg`on tumanidagi maktabda “Tashabbusli byudjet” uchun o`qituvchilardan 500 ming so`mdan pul yig`ilgani aniqlandi. Viloyat Maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasi axborot xizmati holat yuzasidan ma`lumot berdi.
Unga ko`ra, Yangiqo`rg`on tumanidagi 12-umumta`lim maktabida “Tashabbusli byudjet” uchun o`qituvchilardan 500 ming so`mdan pul talab qilingani aks etgan audioxabar tarqalgan. Mazkur holat yuzasidan tuman maktabgacha va maktab ta`limi bo`limining ishchi guruhi dastlabki o`rganish ishlarini olib bordi.
Ta`lim maskanidagi 27 nafar o`qituvchidan yozma tarzda so`rovnoma o`tkazildi. So`rovnoma natijalariga ko`ra 11 nafar pedagog haqiqatan ham majburan pul talab etilganini, 16 nafari esa o`z xohishlariga ko`ra tashabbus ko`rsatishganini bildirib o`tdi.
Ayni paytda ushbu vaziyat bo`yicha tuman hokimligi, viloyat hamda tuman bandlikka ko`maklashish markazi va tuman prokuraturasi tomonidan o`rganish ishlari olib borilmoqda. O`rganish yakuni yuzasidan qo`shimcha ma`lumot berilishi aytildi.






