Poytaxtimizning Yashnobod tumanida ikkita yirik shifo maskani – Milliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo`yin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazi barpo etildi.
Davlatimiz rahbari 2020 yil noyabrda ularning qurilishini kelib ko`rgan, bu erda qanday imkoniyatlar bo`lishi lozimligi haqida ko`rsatmalar bergan edi. Muassasalardagi bugungi zamonaviy sharoit va ish tartibi shuning amaliy ijrosi, deyish mumkin.
Shifo maskani hududi to`rt gektardan ortiq. Jami bir yarim ming kvadrat metr maydonga ega ettita bino barpo etilgan. Qurilish va jihozlashda xorijning ilg`or tajribasiga tayanilgan. Shu bois arxitekturasi mukammal. Shoshilinch yordam, reanimasiya, infeksiyali holatlar - barchasi inobatga olingan.
Milliy tibbiyot markazi, boshqa shifoxonalardan farqli ravishda, universal bo`ladi. Bu erda jarrohlik, urologiya, transplantologiya, travmatologiya-ortopediya, ginekologiya, kardioxirurgiya, nefrologiya, kardiologiya, endokrinologiya, kardiorevmatologiya, stomatologiya va boshqa bo`limlar tashkil etilgan. Jami 169 turdagi mingtadan ko`p ilg`or tibbiy asbob-uskunalar o`rnatilgan.
Markaz besh yuz o`ringa mo`ljallangan. Ambulator va stasionar tartibda ikki yuzdan ortiq tibbiy xizmat ko`rsatiladi. Yiliga uch mingdan ziyod, jumladan, aorta-koronar shuntlash, estetik-plastik xirurgiya, artroplastika, organ va to`qimalarni ko`chirib o`tkazish kabi yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini bajarish quvvati mavjud. Markazda mamlakatimizning olis hududlaridagi bemorlarga masofadan tashxis qo`yish, davolash imkoniyati yaratilmoqda.
Muassasa faoliyatida Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarning etakchi klinikalari bilan hamkorlik qilinadi. Chet ellik shifokorlar, o`zimizning xorijda malaka oshirgan mutaxassislarimizdan iborat jamoa – 250 nafar shifokor, 500 nafar o`rta tibbiyot xodimi faoliyat olib boradi.
Bunday imkoniyatlarga ega markaz mamlakatimizda birinchisi. Qoraqalpog`iston va viloyatlarda faoliyat yuritayotgan ko`p tarmoqli klinikalar u bilan bog`lanadi.
Prezident majmua hududidagi Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo`yin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ham bo`ldi.
Bu markaz mazkur kasalliklarni davolash bilan birga mamlakatimizda otorinolaringologiya yo`nalishidagi ishlarni muvofiqlashtiradi. Bu erda “Yuqori nafas yo`llari a`zolari fiziologiyasi va patologiyasi”, “Eshitish va muvozanat a`zolari fiziologiyasi va patologiyasi”, “Foniatriya va ronxopatiya” ilmiy laboratoriyalari tashkil etildi. Simulyasion amaliy laboratoriya, jarrohlik xonalari va 60 ta o`rin-joylar zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlandi.
Davlatimiz rahbari ushbu markazlardagi qulayliklar bilan tanishdi, shifokorlar bilan suhbatlashdi. Soha mas`ullari bilan muloqotda ushbu markazlar yonida xorijiy tibbiyot instituti tashkil etish, kadrlar malakasini oshirish, kasalliklar profilaktikasini kengaytirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.






