O`zbekistonda abiturientlarning 56,9 foizi beshtagacha ta`lim yo`nalishini tanlash imkoniyatidan foydalangan holda talabalikka tavsiya etilgan. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma`lum qildi.
2023—2024-o`quv yili uchun OTMlar bakalavriat ta`lim yo`nalishlariga kirish test sinovi natijalariga ko`ra 193 421 nafar abiturient talabalikka tavsiya etilgandan, 180 ming nafarga yaqini umumiy qabul parametrlari doirasida o`qishga qabul qilingan bo`lib, ularning:
- 77 520 nafari (43,1 foizi) — birinchi ta`lim yo`nalishiga;
- 102 279 nafari (56,9 foizi) — ikkinchi-beshinchi ta`lim yo`nalishiga talabalikka tavsiya etilgan.
Bilim va malakalarni baholash agentligiga ko`ra, abiturientlarga yaratilgan eng yaxshi qulayliklardan biri ro`yxatdan o`tishda beshtagacha ta`lim yo`nalishini tanlash imkoniyati berilgani bo`lib, abiturientlar oldingidek faqatgina bitta ta`lim yo`nalishiga hujjat topshirganida ularning teng yarmidan ko`pi talabalikka tavsiya etilmagan bo`lardi.
Bundan tashqari, 15,7 ming nafardan ortiq abiturient davlat granti ustuvorligidan foydalangan holda davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan.






