Sog`liqni saqlash sohasida xususiy sektorni rivojlantirish, xususiy tibbiyot muassasalarining aholiga yuqori sifatli tibbiy xizmatlar ko`rsatish, xususiy tibbiyot sohasiga xorijdan investisiyalar va yuqori malakali mutaxassislar jalb etish bo`yicha keng ko`lamli ishlar amalga oshirildi.
Xususan:
– xususiy tibbiyot tashkilotlari 2023 yilda 2017 yilga nisbatan 2,7 barobarga ko`payib, ularning soni 3 200 tadan 8 560 taga etdi;
– xususiy tibbiyot tashkilotlarining tibbiyot ixtisosliklari bo`yicha lisenziya olishiga imkoniyat yaratilib, bunda ular 2017 yilda 50 turdagi ixtisoslik bo`yicha, 2022 yilda esa 126 turdagi ixtisoslik bo`yicha tibbiy xizmat ko`rsatish huquqiga ega bo`ldi;
– Xususiy tibbiyot tashkilotlari 2016 yilda 726 turdagi tibbiy xizmatlarni ko`rsatgan bo`lsa 2023 yilga kelib 2 251 turdagi tibbiy xizmatlarni ko`rsatmoqda;
– Xususiy klinikalarda 2016 yilda shifo o`rinlari soni 16 032 ta bo`lsa, ular soni 2,8 barobarga ko`payib 2023 yilda 44 109 taga etgan;
– xususiy tibbiyotni qo`llab-quvvatlash tizimi yo`lga qo`yildi. Misol uchun, bugungi kunda nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan 2025 yil 1 yanvarga qadar qator imtiyozlar berilgan.
Jumladan: a) o`z ehtiyojlari uchun respublika hududiga olib kiriladigan yangi tez tibbiy yordam avtomobillari import bojxona bojidan ozod qilingan; b) olib kelinadigan yangi tibbiy asbob–uskunalar, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda sarflash materiallari uchun bojxona imtiyozlari mavjud; v) sarflash materiallarini O`zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda qo`shilgan qiymat solig`idan ozod qilindi;
Xususiy tibbiyot muassasalari barcha soliq to`lovlaridan ozod qilingan.
–Nodavlat tibbiyot muassasalarini rivojlantirish jamg`armasi tashkil etilib, unga 14million AQSh dollari miqdorida mablag` yo`naltirildi;
– 2021 yil 1 iyuldan Hamshiralik ishi o`zini o`zi band qilgan shaxslar shug`ullanishi mumkin bo`lgan faoliyat turlari ro`yxatiga kiritildi;
– nodavlat tibbiyot tashkilotlarining o`rta tibbiyot xodimlaridan iborat “Tibbiy punkt”larini tashkil etish ruxsat etildi;
– 2023 yildan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga mobil (ko`chma) tibbiy xizmatlarni ko`rsatishga ruxsat berilmoqda;
– 2023 yilda nodavlat tibbiyot tashkilotlariga o`z ixtisosliklari doirasida teletibbiyot xizmatlarini ko`rsatishga ruxsat berilmoqda;
– bugungi kunda tibbiyotning xususiy sektorida 17 ming nafardan ortiq shifokor, 27 ming nafar hamshira faoliyat yuritmoqda. Respublikamiz bo`yicha yigirmadan ortiq xorijiy davlatlar biznes doiralarining investisiyasi ishtirokidagi 166 ta yaqin shifoxona faoliyat yuritmoqda.
Xulosa qilib aytish mumkinki, ayni paytda xususiy tibbiyot aholimiz kundalik hayotining muhim elementiga aylangan. Uning rivojlanishi aholiga tibbiy xizmatlarning deyarli barcha turlarini olish imkonini beradi. Eng muhimi, sohada iste`molchilar foydasiga o`ynaydigan sog`lom raqobat yaratiladi.
Buning ustiga, xususiy tibbiyot sohasining davlat tomonidan qo`llab-quvvatlanishi nafaqat aholiga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko`rsatish, balki minglab ish o`rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.
Son ko`rsatkichlarining o`sishi bilan bir vaqtda tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, yuqori texnologik va jarrohlik amaliyotlari tashkil etilgan ko`p tarmoqli klinikalarda ko`rsatilayotgan xizmatlar sifatini xavfsiz daraja ushlab turish uchun tibbiyot tashkilotlarini akkreditasiyalash vaqti kelganligi ko`rinadi.






