AsosiyDunyo

Dunyo suv tanqisligi muammosiga duch keldi

'Dunyo suv tanqisligi muammosiga duch keldi'ning rasmi

Dunyo aholisining chorak qismi istiqomat qiluvchi 25 davlatda har yili suv tanqisligi kuzatiladi. Bahrayn, Kipr, Quvayt, Livan va Ummon kabi davlatlar ushbu muammodan eng ko`p jabrlangan beshlikka kiradi. Qisqa muddatli qurg`oqchilik tufayli ham bu joylar hayotiy resurssiz qolib ketish xavfi ostida. Zamon.uz bu bo`yicha maqola e`lon qildi.

Bugungi kunda davlatlar o`zlarida mavjud resurslarning deyarli barchasidan maksimal darajada foydalanmoqda. O`tmishga nazar tashlaydigan bo`lsak, 1960 yillardan buyon suvga bo`lgan talab ikki baravar ko`paygan. Bunga aholi sonining ortishi, qishloq xo`jaligi va sanoatning rivojlanishi ta`sir ko`rsatdi. Kelajakda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bu muhim resursning tanqisligiga birinchi bo`lib duch keladi, bu esa oxir-oqibat nizolarga olib kelishi hamda sanoatga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin. Ayni paytda Shimoliy amerika va Evropada suv muammosi nisbatan barqaror. Ammo bu mazkur hududlar xavfdan yiroq degani emas. Misol uchun, AQShning 6 shtatida suv tanqisligi juda yuqori. Ortib borayotgan talab va va tez iqlim o`zgarishi Hindiston va Xitoy yalpi ichki mahsulotining pasayishiga ham olib kelishi mumkin.

Suvning kamayishi sababli global oziq-ovqat xavfsizligi ham tahdid ostida. Hozirda dunyoda sug`oriladigan maydonlarning 60 foizi qurib bormoqda. Ayniqsa, shakarqamish, bug`doy, sholi, makkajo`xori etishtirish bilan shug`ullanuvchi fermer xo`jaliklari. Ushbu muammoga mutaxassislar bir qator echimlarni taklif qilishadi. Ular orasida suv-botqoq va o`rmonlarni saqlash, fermerlar tomonidan sug`orishning yanada samarali usullarini joriy etish hamda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish kiradi. Singapur va Amerikaning Las-Vegas shaharlari allaqachon suv tanqisligi sharoitida han gullab-yashnash mumkinligini isbotlashga muvaffaq bo`lishgan. Bunga oqava suvlarni tozalash va qayta ishlatish orqali erishildi. Biroq, hamma mamlakatlar ham buni qilolmaydi. Dunyoda chuchuk suvga talab hech qachon bunchalik yuqori bo`lmagan.

Inqirozga shaharlarning tez rivojlanishi va suvni yomon boshqarish sabab bo`lmoqda. Bundan tashqari, global isish tufayli tuproq quriydi va yog`ingarchilik er singdira olmaydigan yomg`ir shaklida yog`moqda.

    Boshqa yangiliklar