O`tgan davrda muallimlarning oylik ish haqi o`rtacha 2,5 baravar oshdi. Bu haqda Prezident videoselektor yig`ilishida ma`lum qildi.
Jumladan, chet tili, IT, matematika, kimyo, biologiya bo`yicha milliy va xalqaro sertifikati bor o`qituvchilarga ustama, chekka hududga borib ishlagan muallimlarga alohida to`lov joriy etildi.
Natijada 6 million so`mdan 10 million so`mgacha maosh oladigan o`qituvchilar soni 23 mingga etdi, 10 million so`mdan yuqori oylik oluvchilar 1 mingdan oshdi. Yana 2 mingga yaqin o`qituvchilarga vazir jamg`armasidan qo`shimcha ustamalar to`lanyapti.
Maktablar yuklamasini kamaytirish maqsadida 700 ming o`quvchi o`rni yaratildi. Bu – avvalgi yillarga nisbatan 15 baravar ko`p.
Joriy yilda Toshkentdagi 81-maktab va Al-Xorazmiy ixtisoslashgan maktabi Xalqaro ekomaktab dasturining oliy mukofotiga sazovor bo`ldi. Bunday yutuqqa Markaziy Osiyoda ilk bor bizning maktablarimiz erishdi.
Yuqori malakali, o`z ustida ishlaydigan muallimlarni yangi yondashuvlar asosida qo`llab-quvvatlash tizimi yaratildi.
"Ko`p yoshlarimiz qiziqishi va qobiliyatiga mos kasb-hunar egallashni afzal ko`rayotgani ham davr talabi. Shu bois bolalarimizga maktabdayoq kamida ikkita chet tili, kompyuter va kasb-hunarni o`rgatsak, qo`lida hunari bo`lsa, hayotda o`z o`rniga ega bo`ladi”, - dedi Prezident.
28.08.2023 16:54
O`tgan davrda o`qituvchilarning oylik ish haqi o`rtacha 2,5 baravar oshdi - Prezident






