Respublika bo`yicha iste`molchilarga etkazib berilayotgan avtobenzin sifati bo`yicha e`tirozlar ko`payganligi sababli, neft bazalari va AYoQShlar orqali sotilayotgan avtobenzinning sifati bo`yicha o`rganishlar va tahlillar olib borilmoqda. Tahlillar haqida “O`zbekneftgaz” ma`lumot berdi.
Ta`kidlanishicha, joriy yilning o`tgan davri mobaynida kelib tushgan murojaatlar asosida “O`zenergoinspeksiya” xodimlari tomonidan o`tkazilgan o`rganishlarga asosan Kuchlik neft bazasi (73,2 tonna), Navoiy neft bazasi ( 38,7 tonna), Urganch neft bazasi (2,072 ming tonna) va Buxoro neft bazalari (1,86 ming tonna) MChJlarda saqlanayotgan avtobenzin sifati O`z Dst 3031:2015 davlat standarti talablariga javob bermasligi, ya`ni avtobenzin tarkibidagi qatron (smola) va oltingugurt (sera) miqdori belgilangan me`yordan yuqori hamda bir holatda (“Navoiy neft bazasi” MChJ) oktan soni me`yordan pastligi aniqlangan. Jami aniqlangan sifatsiz mahsulotlar miqdori 4,044 ming tonnani tashkil etgan.
Kuchlik (73,2 tonna) va Navoiy (38,7 tonna) neft bazalarida aniqlangan sifatsiz neft mahsulotlarining sifatlari “O`zenergoinspeksiya”ning majburiy ko`rsatmasiga asosan, O`zbekiston neft va gaz ilmiy tadqiqot va loyihalash instituti, “O`zneftmahsulot va “O`zdavneftgazinspeksiya” tomonidan ishlab chiqilib 2012-yilning 1 oktyabr kunidan kuchga kirgan “Neft, gaz kondensati va neft mahsulotlarini qabul qilish, saqlash, tashish, berish va hisobga olish bo`yicha yo`riqnoma” 30-sonli ilovasining 4-bandi “Nokondision mahsulotlarni aniqlash bilan bog`liq asosiy chora-tadbirlar, mahsulotlar sifatini tiklash” asosida o`rnatilgan tartibda tiklanib, kamchilik bartaraf etilib, iste`molchilarga sifatli tarzda etkazib berilgan. Neft mahsulotlarining sifati bo`yicha iste`molchilardan e`tirozlar bo`lmagan.
“Urganch neft bazasi” MChJ va uning Shovot hamda Xonqa filiallarida (2,072 ming tonna) aniqlangan sifatsiz avtobenzinning 587,0 tonnasini “O`zenergoinspeksiya”ning majburiy ko`rsatmasiga asosan, yuqorida keltirilgan yo`riqnoma talablari asosida o`rnatilgan tartibda sifati tiklanib, iste`molchilarga etkazib berilgan. Ushbu mahsulot bo`yicha ham iste`molchilardan e`tirozlar kelib tushmagan. Hozirgi kunda 1,485 ming tonna avtobenzinining sifatini tiklash ishlari davom ettirilmoqda.
“Buxoro neft bazasi” MChJ va uning Qorako`l filialida (1,86 ming tonna) aniqlangan sifatsiz neft mahsulotlarining 323,0 tonnasini “O`zenergoinspeksiya”ning majburiy ko`rsatmasiga binoan, yuqorida keltirilgan yo`riqnoma talablari asosida o`rnatilgan tartibda sifati tiklanib, iste`molchilarga etkazib berilgan.
Hozirgi kunda 1,537 ming tonna avtobenzinning sifatini tiklash ishlari davom ettirilmoqda.
Neft mahsulotlari sifatining buzilishiga yo`l qo`ygan 4 nafar rahbar xodim va 4 nafar moddiy javobgar shaxslar faoliyatiga nisbatan huquqiy baho beriladi.
Neft mahsulotlarini sifat va miqdor jihatidan bus-butun saqlanishini ta`minlash yuzasidan barcha neft baza rahbarlari ogohlantirilgan va kelgusida neft mahsulotlarini sifat jihatidan to`liq saqlash hamda iste`molchilarga sifatli tarzda etkazib berilishini ta`minlash bo`yicha neft bazalar tomonidan tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.






