Hindiston oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash maqsadida guruch etkazib berishga qo`shimcha cheklovlar kiritdi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, mamlakat hukumati guruchga 20 foizlik eksport boji joriy etgan va uni chet elga etkazib berishni qariyb 80 foizga qisqartirgan. Belgilangan cheklovlarning rasmiy sababi Hindistonning oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash ekani aytilmoqda.
Mazkur cheklovlar Hindiston guruchning eng yirik eksportchisi maqomiga ega bo`lganligi sababli jahon bozorlarida uning narxi keskin ko`tarilishiga olib kelishi mumkin.
“Bu harakat bilan ichki narxlar tushadi va bu hukumatga oziq-ovqat inflyasiyasini nazorat qilishga yordam beradi”, deydi Guruch eksportchilari uyushmasi prezidenti Krishna Rao.
Hindiston rasmiylarining qo`shimcha qilishicha, yangi qoida joriy etilishidan oldin kelishuvga ega bo`lgan eksportchilarga don jo`natishga ruxsat beriladi.






