Prezident Shavkat Mirziyoev Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim bo`lgan asosiy vazifalar bo`yicha yig`ilish o`tkazdi.
So`nggi yillarda viloyat izchil rivojlanmoqda. Lekin bu barcha tumanlarda mutanosib emas.
Masalan, hudud sanoatining qariyb yarmi Samarqand shahriga to`g`ri keladi. O`tgan etti oyda viloyatda 600 million dollar to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiya o`zlashtirilgan. Lekin ularning 78 foizi Samarqand shahri, Kattaqo`rg`on, Pastdarg`om va Samarqand tumanlari hissasiga to`g`ri kelgan. So`nggi besh yilda elektr iste`moli 1,5 baravarga oshgan. Qishloq xo`jaligida hosildorlik, suvni tejash etarli emas.
Shu kabi tahlillardan kelib chiqib, Prezidentimiz tadbirkorlik, investisiya, sanoat, turizm sohalaridagi imkoniyatlarni ko`rsatib o`tdi.
Mahallalarda tadbirkorlik va dehqonchilikni qo`llab-quvvatlash, uzum va pista etishtirishni ko`paytirish, serqatnov yo`llar bo`yida xizmat ko`rsatish sohasida aholini ishli qilish zarurligi ta`kidlandi.
“Urgut” erkin iqtisodiy zonasining 15 ta tumandagi hududi va viloyatdagi 106 ta sanoat zonasini infratuzilma bilan ta`minlash uchun shu yilning o`zida 170 milliard so`m ajratilgan. Lekin ularda 620 gektar er bo`sh turibdi. Mutasaddilarga infratuzilma muammosini hal etib, ushbu maydonlarga tadbirkorlarni jalb etish bo`yicha topshiriq berildi.
Oqdaryo va Pastdarg`omdagi podstansiyalarni yangilash, yil yakunigacha Kattaqo`rg`on tumani va Samarqand shahrida quvvati 250 megavatt bo`lgan 2 ta quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish vazifasi qo`yildi.
Viloyatda turizm sohasida 20 mingta doimiy ish o`rni yaratish va eksportni 500 million dollarga etkazish imkoniyati borligi qayd etildi. Buning uchun jozibador dasturlarni ko`paytirish, yo`llarni va jamoat transportini qulay qilish zarurligi ta`kidlandi. Turizm salohiyati yuqori 100 ta mahalla va qishloqda “turizm ipotekasi” dasturi asosida yangi sayohat manzillari ochish bo`yicha ko`rsatma berildi.
- Odamlarimiz biz belgilab olgan juda katta vazifalarning ijrosini kutyapti. Har bir hokim hududidagi imkoniyatdan to`g`ri foydalanib, mahsulot chiqarib, odamlarga ish o`rni yaratmasa, buni chetdan kelib hech kim qilib bermaydi. Natijadorlikni har yili oshirib borish zarur. Qolgan to`rt oy kelgusi yilga mustahkam zamin yasaydigan oylar bo`lishi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Yig`ilishda muhokama qilingan masalalar bo`yicha viloyat va tumanlar hokimlari, soha mutasaddilari axborot berdi.
Shu bilan davlatimiz rahbari Samarqand viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.






