Prezident Shavkat Mirziyoev Samarqand shahridagi “Aziya metall prof” mas`uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
Ushbu yirik zavodda 2018-2022 yillarda xitoylik hamkorlar bilan birgalikda umumiy qiymati 110 million dollarlik loyihalar amalga oshirilgan. Bu mablag`ning 33 million dollari to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyadir.
Dastlab, 2018 yil dekabrda rux va polimer bilan qoplangan metall listlar tayyorlash boshlangan bo`lsa, ikkinchi bosqichda, 2021 yildan metall quvurlar va profillar ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi. 2022 yil fevraldan issiq o`ramali metall listlar va qurilish uchun profillar ham ishlab chiqarilmoqda.
Ushbu mahsulotlar import o`rnini bosishi va eksportbopligi bilan ahamiyatli. Xususan, o`tgan yili korxona tomonidan 63 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Bu ko`rsatkich joriy yilda yanada yuqori bo`lishi kutilmoqda. Ayni paytda korxonada 520 nafar ishchi mehnat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari loyihaning to`rtinchi bosqichi - armatura ishlab chiqarish korxonasining qurilish maydonida bo`ldi. Bu erda yiliga 390 ming tonna armatura quyish quvvati hamda 150 ta yangi ish o`rni yaratiladi.
Umuman, 2023-2025 yillarda yana beshta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ularga jami 621 million dollar yo`naltirilib, yiliga 1,7 million tonna metall hamda 10 million metr kvadrat oyna ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. 930 ta yangi ish o`rni ochiladi.
Prezidentimiz mahalliylashtirish va tannarxni tushirish orqali eksportda raqobatbardoshlikni oshirish kerakligini ta`kidladi.






