“Ko`p kvartirali uylarni boshqarishni yanada samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qarorga ko`ra, respublikadagi chegaralari belgilanmagan ko`p kvartirali uylarning tutash er uchastkalari chegaralari belgilanib, “YERELEKTRON” axborot tizimiga kiritiladi.
2024 yil 1 yanvardan:
- ko`p kvartirali uylardagi ko`chmas mulk bilan bog`liq bitimlar notariuslar tomonidan mulkdorning majburiy badallar yoki to`lovlar bo`yicha qarzdorligi mavjud emasligi tekshirilgandan keyin tasdiqlanadi;
- majburiy badallarning yoki to`lovlarning eng kam miqdori Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirligi tomonidan belgilanadi;
- agrotexnik ishlov berishdan hosil bo`ladigan (daraxt va buta shox-shabbalari, barglari) va ko`p kvartirali uylarga tutash hududlarni tozalashdan hosil bo`lgan chiqindilarni maishiy chiqindilarni to`plash punktlarida yoki chiqindilarni olib chiqib ketish operatorlari bilan kelishilgan maxsus joylarda yig`ishga ruxsat etiladi.
Shirkatlar va boshqaruvchi tashkilotlarning hududiy elektr tarmoqlari korxonalari oldidagi qarzdorligi va ular uchun hisoblangan jarimalarning to`lov muddati 2024 yil 1 oktyabrgacha kechiktiriladi.
Qaror bilan shuningdek, Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasiga quyidagi qo`shimcha vakolatlar beriladi:
- ko`p kvartirali uylarni boshqarish organlari va joylar mulkdorlari tomonidan issiqlik ta`minotidan foydalanishda normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
- ko`p kvartirali uylardagi umumiy mol-mulk va ularga tutash er uchastkalarida amalga oshirilgan ta`mirlash-tiklash ishlarining qonunchilik hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish.






