Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan nodavlat oliy ta`lim muassasalari tashkil etish faoliyatini lisenziyalash bilan bog`liq korrupsiyaviy xavf-xatarlar tahlil qilindi.
Tahlillar davomida ushbu yo`nalishda mas`ul tashkilotlar tomonidan belgilangan vazifalar samarali amalga oshirilmagani, normativ-huquqiy bo`shliqlar va boshqa korrupsiyaviy xavf-xatarlarga moyil bo`lgan holatlar mavjudligi aniqlangan.
Jumladan, 2022-2023 yillarda faoliyati lisenziyalangan 65 ta nodavlat oliy ta`lim muassasalaridan 38 tasiga lisenziya berishda 82 ta holatda turli kamchilik va qonunbuzilishi holatlariga yo`l qo`yilgan. Xususan, 22 ta holatda talabgorlarga davlat yong`in nazorati va sanitariya-epidemiologiya xizmati organlarining tegishli xulosalari olinmagan.
Shuningdek, talabgorlar tomonidan elektron tizimga o`quv reja va fan dasturlari yuklanmagan yoki to`liq yuklanmagan.
Tahlil yakunlari bo`yicha agentlik tomonidan nodavlat oliy ta`lim muassasalarini tashkil etish faoliyatini lisenziyalash sohasida mavjud korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilgan va prezident administrasiyasiga kiritilgani aytilmoqda.






