AsosiyJamiyat

“Qishloq qurilish bank” – “Biznesni rivojlantirish banki”ga aylantiriladi

'“Qishloq qurilish bank” – “Biznesni rivojlantirish banki”ga aylantiriladi'ning rasmi

Prezident kichik biznesga yangi imkoniyatlar yaratish muhimligini ta`kidladi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

So`nggi yillarda mamlakatimizda mikro-biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo`yicha katta amaliy ishlar qilindi. Natijada bugun har bir mahallada kamida 40-50 nafar yangi tadbirkorlar paydo bo`lib, minglab doimiy ish o`rinlari yaratilmoqda.

Lekin kichik biznesni manzilli qo`llab-quvvatlash, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish borasida qulay muhit hali to`liq shakllanib ulgurmadi, dedi davlat rahbari.

Kichik tadbirkorlar “oyoqqa turib olishi” va faoliyatini kengaytirishi uchun mutlaqo yangi yondashuvlar joriy qilinadi.

Bunda, ushbu soha vakillarini tadbirkorlikka o`qitish, ularga loyiha qilib berish, faoliyatini moliyalashtirish, mahsulotlariga bozor va biznesiga sheriklar topish bo`yicha yaxlit eko-tizim yaratiladi.

Buning uchun, eng avvalo, “Qishloq qurilish bank” “Biznesni rivojlantirish banki”ga aylantiriladi. Ushbu yangi bankning faoliyati ham, ishlash uslubi va moliyalashtirish mexanizmlari ham yangicha bo`ladi.

Jumladan, bank huzurida har bir hududda jami 14 ta kichik biznes markazlari tashkil etiladi. Markazlar tashabbuskorlarning biznes loyihalarini ishlab chiqishga ko`maklashadi, o`z hisobidan yangi loyiha qilmoqchi bo`lgan tadbirkorlarni o`qitadi, yangi loyihalarga zarur mutaxassislarni jalb qiladi, tadbirkorlar uchun buxgalteriya, soliq, audit, marketing, huquqiy va boshqa konsalting xizmatlarini ko`rsatadi.
 

    Boshqa yangiliklar