2023 yil olti oyida tekshirishlar o`tgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizga kamaygan. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ya`ni, tadbirkorlar to`g`ri ishlash “soyada ishlashdan” afzal ekanini tushunib etmoqda. Shuning uchun ham soliq hisobotlarini topshirish va kameral tekshirish natijalari bo`yicha moliyaviy jarimalar qo`llash bekor qilindi.
Umuman, o`tgan bir yilda kichik tadbirkorlar soni 40 mingtaga ko`paydi, o`rta tadbirkorlar soni 2 mingtaga oshib, 10 mingga etdi. Yirik korxonalar soni esa bir yilda 400 taga ko`payib, 1,5 mingta bo`ldi.
Berilgan engilliklardan foydalanib, bir yilda 155 ta korxonaning yillik aylanmasi 100 million dollardan oshdi.
Kiritilgan yillik xorijiy sarmoyalar hajmi esa ilk bor 10 milliard dollarga etdi.
Bo`lib o`tgan ochiq muloqotlardan keyin so`nggi ikki yilda korxonalarimiz tomonidan 25 milliard dollarlik mahsulotlar eksport qilindi va avval import qilingan 10 milliard dollarlik mahsulotni o`zimizda ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi.
Joriy yilgi muloqot arafasida tadbirkorlardan 6 mingga yaqin murojaat kelib tushdi.
Ular ko`targan asosiy masalalar – kredit va moliyaviy yordamni kengaytirish (jami murojaatlarning 26 foizi), biznesni joy va infratuzilma bilan ta`minlash (21 foiz), soliq tizimini soddalashtirish (10 foiz), tekshirishlar va ortiqcha byurokratiyani keskin qisqartirish (8 foiz) bilan bog`liq.
Oldingi ochiq muloqotlarga tayyorgarlik davomida ko`tarilgan masalalarning 80 foizi individual xususiyatga ega bo`lib, ko`plari joyida hal qilingan edi. Bu safar 70 foiz tadbirkorlar tizimli muammolarni echimlari bilan taklif qilishmoqda.
Tadbirkorlarimiz faqat o`ziga emas, butun sohaga naf keltiradigan masalalarni ko`tarayotgani quvonarli, dedi davlatimiz rahbari va ochiq muloqot natijalari bo`yicha qabul qilinadigan qarorlarda bularning barchasi inobatga olinishini ta`kidladi.
18.08.2023 13:17
Tadbirkorlar bilan muloqot arafasida 6 mingga yaqin murojaat kelib tushdi






