2023/2024 o`quv yilidan tibbiyot oliy ta`lim muassasalari hamda Abu Ali bin Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlarida tahsil oluvchi, xorijiy tillarni yaxshi o`zlashtirgan talabalar rag`batlantirib boriladi.
Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirining 2023 yil 11 avgustdagi tegishli buyrug`i qabul qilindi.
Unga ko`ra, tibbiyot oliy ta`lim muassasalari hamda Abu Ali bin Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlarida ta`lim oluvchi, kamida 7,5 ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi xalqaro tan olingan sertifikatga (IELTS Academic) hamda nemis va fransuz tilini bilish darajasini belgilovchi S1 xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo`lgan talabalarga 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab, ularning sertifikati amal qilish davrida bazaviy hisoblash miqdorining uch barobari miqdorida har oylik stipendiya to`lab borish tartibi joriy etiladi.
Mazkur stipendiya Prezidentimizning 2020 yil 7 apreldagi PQ-4666-son qarorining 4-bandida nazarda tutilgan tibbiyot oliy ta`lim muassasalari talabalariga beriladigan to`lovga qo`shimcha ravishda beriladi.
Buning uchun tibbiyot oliy ta`lim muassasalari rektorlari hamda Abu Ali bin Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlari direktorlari tomonidan har chorakda ushbu stipendiyani olishga talabgor bo`lgan nomzodlar to`g`risidagi qo`shimcha ma`lumotlar vazirlikning Ilm-fan va ta`lim boshqarmasiga kiritib borishi belgilangan.
Ma`lumot o`rnida, ayni paytda vazirlik tizimidagi tibbiyot oliy ta`lim muassasalarining 9 tasida xorijiy tillarni bilish darajasi bo`yicha belgilangan mezonlarga mos 56 nafar talaba tahsil olmoqda.
15.08.2023 13:08
Endi xorijiy tilni yaxshi o`zlashtirgan tibbiyot sohasi talabalari uchun stipendiya joriy etildi






