O`zbekiston elchixonasi xodimlari notanish va shubhali shaxslarning yolg`on va`dalari ta`sirida Hindistonga kelib murakkab holatga tushib qolgan O.T. ismli shaxs vatanga qaytarildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Ma`lum qilinishicha, 2021 yil iyun oyida Toshkent-Dehli yo`nalishidagi samolyotda kelgan O.T.ning shaxsiy hujjatlarini unga mo`may daromadli ish va`da qilgan kimsalar olib qo`ygan. Keyin u turli tahdid va qo`rqitishlar orqali noqonuniy faoliyat turi bilan shug`ullanishga majbur qilingan.
Hindiston polisiyasi reydlarida qo`lga tushib, hibsga olingan hamda boshqa ko`plab noxush voqealarni boshidan kechirgan yurtdoshimiz O`zbekiston elchixonasiga murojaat qilishi bilan unga zarur konsullik-huquqiy yordami ko`rsatish bo`yicha tezkor choralar ko`rildi.
Xususan, yurtdoshimizni vatanga qaytarish maqsadida elchixona diplomatlari Hindistonning tegishli idoralari bilan mazkur holat yuzasidan rasmiy muzokaralar o`tkazdilar.
Kuni-kecha O.T. Dehli-Toshkent havo qatnovi bilan vatanga etib keldi.






