Turkiyaning jonli metropolisi bo`lgan Istanbul, o`zining tarixiy diqqatga sazovor joylari, ijtimoiy hayoti, muzeylari, san`at va madaniyatga oid tadbirlari hamda o`ziga xos gastronomik turizmi bilan tashrif buyuruvchilarga sayohat zavqini taqdim etadi. Istanbulning boy tabiiy meroslari unga tashrif buyuruvchi sayyohlarning ham sevimli manziliga aylandi. Yozning huzurbaxsh kunlarida tarix, madaniyat va san`at uyg`unligini ko`rishni xohlovchilar uchun Istanbuldagi eng mashhur muzeylarini birlashtirdik.
“Istanbul Modern”ni yangicha talqinda his eting
Turkiyaning ilk zamonaviy san`at muzeyi Istanbul Modern, Bosfor bo`g`ozida qurilgan yangi binosi bilan shaharning diqqatga sazovor joylaridan biriga aylandi. Yangi bino Istanbulning Evropa tomonida, Bosfor bo`g`ozining Karako`y hududida joylashgan. Mashhur arxitektor Renzo Piano Galataport Istanbuldagi yangi Istanbul Modern binosini loyihalashtirgan. Binoning dizayni Bosfor dengizning mavjlaridan ilhomlangan holda yaratilgan. Istanbul Modern muzeyi xalqaro va mahalliy san`atkorlarning turli yo`nalishlardagi asarlarini namoyish etadi. Istanbul Modernning yangi binosidagi ko`rgazmaga tashrif buyurganingizdan so`ng, o`sha binodagi qahvaxonaga tashrif buyurib, Istanbulning ertaknamo manzarasidan bahramand bo`lgancha qahva ichishni unutmang!
Istanbul arxeologiya muzeylari: Moziyga sayohat
Topkapi saroyi hududida joylashgan Istanbul arxeologiya muzeylari dunyodagi eng boy eksponatlar majmuiga ega arxeologiya muzeylaridan biri sanaladi. Majmua uchta asosiy bo`limdan iborat: “Arxeologiya muzeyi”, “Qadimgi Sharq artefaktlari muzeyi” va “Koshinli saroy muzeyi”. Unda Usmonli imperiyasi chegaralaridagi turli davrlarga tegishli bir milliondan ortiq asarlar mavjud. Majmuaning asosiy binosi bo`lgan Arxeologiya muzeyi dunyodagi sanoqli noyob binolardan biri bo`lib, asosan muzey sifatida qurilgan. Muzeyda, Makedoniyalik Aleksandr portreti, Rim davrining uchta buyuk shaharlari Afrodisias, Efes va Miletda topilgan haykallar ham mavjud. Shuningdek, u erda, Turkiyada muzeyshunoslikning asoschisi va XIX asrda muzeyning birinchi direktori bo`lgan Usmon Hamdi Bey tomonidan olib borilgan qazishmalar chog`ida topilgan ko`plab asarlar ham o`rin olgan. Ulardan biri 1887-1888 yillar oralig`ida Usmon Hamdi Bey tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijasida Sidon Qiroli nekropolida topilgan dunyoga mashhur Aleksandr Sarkofagdir.
Pera muzeyi: mashhur asarlar
Suna va Inan Krach fondi tomonidan asos solingan Pera muzeyi Tepeboshida, Istanbulning yuragi bo`lmish Istiqlol shoh ko`chasi yaqinida joylashgan. Dastlab, me`mor Axil Manoussos tomonidan Bristol mehmonxonasi sifatida qurilgan bino, hozirda muzeyga aylantirilgan bo`lib, bugungi kunga qadar ko`plab muhim ko`rgazmalarga mezbonlik qilib kelmoqda. Pera muzeyining “Sharqona rasmlar” jamlanmasida XVII-XIX asrlargacha Usmonlilar hukmronligidan ilhomlangan suratlar joy olgan bo`lsa, “Onado`li vazni va o`lchovlari” kolleksiyasida Onado`lining turli davrlariga oid 10.000 dan ortiq eksponatlar o`rin olgan. “Kutahya chinni va kulolchilik jamlanmasi” Turkiyaning Kutahya viloyatidan topilgan yuzlab hunarmandchilik uskunalarini o`z ichiga oladi. Sayohat chog`ida, ayniqsa, “Toshbaqa o`rgatuvchi” nomli beshta ajoyib asarlarni ko`rishingizni tavsiya qilamiz. Ma`lumot o`rnida, Isabel Munozning “Yangi hikoya - Go`beklitepa va uning atrofidagi fotosuratlar” nomli ko`rgazmasi 2023 yil 17 sentyabrgacha davom etadi.
Bosfor bo`g`ozidagi unutilmas muzey taassurotlari
Sakip Sabanji Muzeyi (SSM) Bosfor bo`g`ozidagi eng qadimgi aholi punktlaridan biri bo`lgan Emirganda joylashgan. Muzeyning asosiy binosi bo`lgan villa, 1925 yilda italiyalik arxitektor Edoardo De Nari tomonidan qurilgan. “Otliqlar saroyi” nomi bilan tanilgan saroy 2002 yildan beri muzey, shuningdek, san`at va madaniyat markazi sifatida xizmat qiladi. SSM ko`p qirrali muzey bo`lib, vaqtincha va doimiy ko`rgazmalar, tabiatni muhofaza qilish va tadqiqot bo`limlari, o`quv dasturlari, spektakllar, konferensiyalar va seminarlar hamda ajoyib Bosfor manzaralarini taklif etadi. Muzeyda xattotlik va rang-tasvir asarlarining boy jamlanmasi hamda dunyoga mashhur rassomlarning asarlarini namoyish etuvchi keng ko`lamli ko`rgazmalar mavjud. San`at va madaniyat sehridan to`laqonli zavq olgandan so`ng, muzeyning so`lim bog`idan ko`rinib turuvchi hayratlanarli Bosfor manzarasidan bahramand bo`lmasdan muzeyni tark etmang...
Turkiyaning ilk plastik san`at muzeyi minglab san`at asarlari bilan tashrif buyuruvchilarni chorlaydi
Istanbul rasm va haykaltaroshlik muzeyi Turkiyaning birinchi plastik san`at muzeyi bo`lib, XIX asr oxiridan to XX asr oxirigacha bo`lgan turk san`ati tarixining muhim jihatkarini taqdim etadi. Muzey fondida 10497 ta rangtasvir, 719 ta haykaltaroshlik, 257 ta kulolchilik buyumlari, 182 ta xattotlik asarlari, 10 ta piktogramma mavjud.
Muzey 1937 yil 18 iyulda Dolmabahche saroyidagi valiahdlik idorasida tashkil etilgan va 1937 yil 20 sentyabrda Mustafo Kamol Otaturk tomonidan ochilgan. 2007 yilda Dolmabahche shahzodasi ofisi qayta tiklash uchun yopilgach, jamlanmalar 2011 yilda Tophane mahallasidagi Antrepo 5-binosiga ko`chirildi va Sedad Hakki Eldem tomonidan ishlab chiqilgan bino me`mor Emre g`oyasi bilan muzeyga aylantirildi.






