O`quvchini boshqa maktab yoki sinfga o`tkazish tartibi qanday? O`quvchi oldingi maktabidan qanday hujjatlarini olib ketishi kerak?
Hudud24 ushbu jarayon bilan bog`liq qoidalar haqida ma`lumot berdi.
1. O`quvchini boshqa maktabga qaysi vaqtda o`tkazish mumkin?
Ota-onalar o`z xohishiga ko`ra o`quv yili davomida yoki u tugaganidan so`ng farzandini bir maktabdan boshqasiga o`tkazish huquqiga ega. Bunda bir maktabdan boshqasiga o`tkazish sabablarini ko`rsatib, maktab direktori nomiga ariza beriladi.
2. Ariza qancha muddatda ko`rib chiqiladi?
Ariza 1 ish kunida ko`rib chiqiladi va o`qishni davom ettirish uchun tanlangan maktabga taqdim etish uchun «maktabdan ketish taloni» beriladi.
3. Yangi maktabga qanday hujjatlar taqdim etilishi kerak?
Ota-onalar farzandi o`qishni davom ettirishi uchun tanlangan maktab direktori nomiga ariza beradi. Arizaga «maktabdan ketish taloni» ilova qilinadi.
Maktab direktori ariza va talonni qabul qilgach, shu kunning o`zida ota-onalarga o`quvchi ta`lim olayotgan maktabga taqdim etish uchun «maktabga kelish talonini» beradi.
4. O`quvchi oldingi maktabidan qanday hujjatlarini olib ketishi kerak?
O`quvchi oldingi maktabiga «maktabga kelish taloni»ni taqdim etgach, shu kunning o`zida uni maktab o`quvchilari safidan chiqarish to`g`risida buyruq qabul qiladi.
Maktab direktori ushbu buyruq bilan ota-onani tanishtirgani to`g`risida imzo qo`ydirib oladi. Shuningdek, ularga quyidagi hujjatlarni taqdim etib, bu haqda tilxat yozdirib oladi:
- o`quvchining maktab o`quvchilari safidan chiqarilganligi to`g`risidagi buyruqdan ko`chirma;
- o`quvchining baholar (o`zlashtirish) tabeli;
- o`quvchining tibbiy kartasi.
O`qishni davom ettirish uchun tanlangan maktab direktori boshqa maktabdan o`tkazilayotgan o`quvchining o`quv jarayonlaridan chetda qolib ketmasligini ta`minlash uchun barcha zarur choralarni ko`rishi shart.
Bolani boshqa sinfga o`tkazish tartibi qanday?
Ota-onalar o`z farzandini o`quv yili davomida yoki u tugaganidan so`ng bir sinfdan boshqa sinfga o`tkazish huquqiga ega. Bunda ota-onalar farzandini sinfdan sinfga o`tkazish sababini ko`rsatib, maktab direktori nomiga ariza beradi.
Direktor arizani 1 ish kunida ko`rib chiqadi va o`quvchini sinfdan sinfga o`tkazish to`g`risida buyruq chiqaradi.
Sinfdagi o`quvchilar soni me`yordan (35 nafar) ortiq bo`lganda, direktor o`quvchini sinfdan sinfga o`tkazishni rad qilishi mumkin.
Rad etish haqida direktor 3 kun ichida ota-onaga yozma ravishda ma`lum qilishi kerak.
Direktorning o`quvchini sinfdan sinfga o`tkazish to`g`risidagi buyrug`i qabul qilingach, 3 kunda sinf jurnali va o`quvchilar harakati daftariga tegishli yozuv kiritiladi.






