AsosiyJamiyat

“Ummon”dagi Zohidga sud hukmi o`qildi

'“Ummon”dagi Zohidga sud hukmi o`qildi'ning rasmi

Xabaringiz bor, 2022 yil 29 sentyabr kuni Toshkent shahrida “Ummon” guruhi solisti Zohid Risqiev ishtirokida sodir etilgan yo`l-transport hodisasi  sabab bir inson hayotdan ko`z yumgan edi. 

Jinoyat ishlari bo`yicha Yunusobod tuman sudining ochiq sud majlisida Z. Riskievga (1990 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan, “Ummon” guruhining sobiq xonandasi, muqaddam sudlanmagan) oid jinoyat ishi ko`rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud xabar qildi. 

Ma`lum qilinishicha, sud Z. Riskievga jazo turi va miqdorini belgilashda sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi, shu bilan birgalikda Jinoyat kodeksining 7, 8-moddalarida ko`rsatib o`tilgan odillik va insonparvarlik tamoyillari hamda Oliy sud Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi «Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to`g`risida»gi Qarori talablaridan kelib chiqdi.

Shuningdek, Z. Riskievga jazo tayinlashda, uning aybiga iqror bo`lib, qilmishidan pushaymonligini, jabrlanuvchining qonuniy vakili va jabrlanuvchilarning da`vosi yo`qligi, ularning sudlanuvchiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazo tayinlashni so`rab bergan fikrini, sudlanuvchining sog`lig`i og`ir ahvolda ekanligini inobatga olib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi sanksiyasida nazarda tutilgan muayyan huquqdan, ya`ni transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni, shu bilan birgalikda tayinlanayotgan ozodlikdan mahrum qilish jazosini o`tamasdan turib ham uni xulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin degan fikrga kelib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 72-moddasini qo`llab, tayinlanayotgan jazoni shartli deb hisoblab, sinov muddati belgilashni maqsadga muvofiq deb hisoblandi.

Shu tariqa jinoyat ishlari bo`yicha Yunusobod tuman sudining 2023 yil 9 avgustdagi hukmiga ko`ra Z. Riskiev Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga 3 yil transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Z. Riskievga nisbatan Jinoyat kodeksining 72-moddasini (shartli hukm qilish) qo`llab va tayinlangan jazoni shartli deb hisoblab, 2 yil sinov muddati belgilandi.

Bundan tashqari, jabrlanuvchining qonuniy vakili va jabrlanuvchilarga etkazilgan moddiy va ma`naviy zararni undirish masalasida fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi mavjudligi tushuntirildi.

Birinchi instansiya sudining ushbu hukmidan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining apellyasiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma`lum qilinadi.


 

    Boshqa yangiliklar