Shavkat Mirziyoev 9 avgust kuni "Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to`g`risida"gi qonunga o`zgartishlarni imzoladi. Hujjat O`zA tomonidan e`lon qilindi va kuchga kirgan.
Hujjatda narkologik kasalliklardan aziyat chekuvchi shaxslarni majburiy davolashga yuborish to`g`risidagi materiallarni nafaqat narkologiya muassasalari, oila a`zolarining (qarindoshlarining) iltimoslariga asosan, balki ichki ishlar organlarining tashabbusiga ko`ra ham rasmiylashtirish zarurati yuzaga kelgani ta`kidlanadi.
Mazkur tartib narkologik kasalliklarga chalingan shaxslar tomonidan fuqarolar xavfsizligi va sog`lig`iga tahdid qilinishi, jamoat tartibi buzilishi, huquqbuzarliklar sodir etilishi hollarining oldini olish maqsadida joriy etilmoqda.
Shu bilan birga, klinik tekshiruvlar narkologiya dispanserlari bilan bir qatorda tegishli mutaxassislar mavjud bo`lgan boshqa tibbiyot muassasalarida ham o`tkazilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Ushbu Qonun narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolanishga yuborish tashabbusi bilan chiqadan shaxslar doirasini kengaytirishga, huquqbuzarliklar sodir etilishinining oldini olishga hamda narkologik yordam ko`rsatish sifati va samaradorligini yanada oshirishga xizmati qiladi.






