Ishonch.uz "Dok 1 Maks" ishi doirasidagi birinchi ochiq sud majlisida jabrlangan ota-onalardan intervyu oldi.
Sirojiddin Xasanov — "Dok 1 Maks" dori vositasi tufayli 5 yoshli farzandidan ajralgan otalardan biri.
— Surxondaryo viloyati Qumqo`rg`on tumanidan keldim, — deydi u. — Farzandim Xumoyun Erkinovga oddiy shamollashga qarshi "Dok — 1 Maks" siropini olib ichirgan edik. Bolam uni 3 kun ichgach, peshob ajralishi to`xtadi. Qusib chiqdi tong otguncha. Keyin Qumqo`rg`on tibbiyot birlashmasiga olib bordik. U erda bolani «otravlenie» bo`lgan, sariq kasal bo`lgan, deb tashxis qo`yishdi, osma ukollar quydi. Ammo osma ukol ham ketmay qoldi. Shundan keyin Termiz shahridagi katta kasalxonaga olib bordik. U erda esa, o`tkir buyrak etishmovchiligi deb tashxis qo`yishdi. Ularda yosh bolalar uchun filtr yo`q ekan, shuning uchun ertasiga 21 dekabr kuni Toshkentga 16- shifoxonaga keldik.
U erda 1 oy-u 3 kun bo`ldik. Bolam 10 kun o`zida bo`ldi, keyin komaga tushdi. Uning hayotini saqlab qolish maqsadida Milliy bolalar markaziga olib o`tdik. U erga borganimizda o`g`lim koma-3 holatida edi. Ko`rsatkich shu holatdan pasga tushmadi. Doktorlar qaradi, ammo bolamda o`zgarish bo`lmadi, o`sha vaqtning o`zida boshini 2 marta operasiya qilishdi. 5 oy davomida bolam komada yotib, 25 aprel kuni — o`zimning tug`ilgan kunimda jon berdi…
— Suddan nima kutyapsiz? Ayblanuvchilarga qanday jazo berilishini so`rardingiz?
— Ayblanuvchilarga iloji bo`lsa, o`lim jazosi berilishini so`rayman. Men boshqa narsa so`ramayman. Qonga qon — jonga jon. O`lim jazosini bersin, menga o`xshagan mingga yaqin ota-ona bor. Kasalxonada 5 oy yurganimda vaziyatlarni juda yaxshi bildim. Televizorda 18-20 ta deyishdi, ular yolg`on. Menga qo`shilib, "Dok 1 — Maks" tufayli bolasi vafot etganlar o`sha vaqtining o`zida 1200 nafardan oshiq, deb eshitgandim.






