Namangan shahrida boshqa bir haydovchining jarimasi xonanda Jaloliddin Ahmadalievga yozilgani aniqlandi. Viloyat YHXB holat bo`yicha tushuntirish berdi.
Unga ko`ra, davlat raqam belgisi 50 M 434 KA bo`lgan Lacetti 4 avgust kuni soat 14:09 da Namangan shahar 4R-117 avtomobil yo`lining 15–34-kilometrlari, harakat tezligi 60 km/s chegaralangan joyda 72 km/s tezlik bilan harakatlanib kelgan va bu bilan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 128,3-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan ma`muriy huquqbuzarlikni sodir etgan.
Holat yuzasidan elektron tizim taqdim etgan ma`lumot asosida fuqaro Ahmadaliev Jaloliddin Komiljon o`g`liga tegishli bo`lgan 40 T 025 FB davlat raqam belgili Toyota’ga nisbatan jarima solish to`g`risidagi qaror shakllantirilgan.
Yuzaga kelgan texnik xatolik sababli shakllantirilgan qaror ishni ko`rib chiqqan xodim tomonidan joyida bartaraf etilib, qaror Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 271-moddasi 1-qismiga asosan bekor qilingan. Biroq shakllangan qaror O`zbekiston pochtasi AJ tomonidan ushbu fuqaroning yashash manziliga yuborilgan.
Hozirda yuzaga kelgan holat bartaraf etilib, huquqbuzarlik sodir etgan 50 M 434 KA davlat raqam belgili Lacetti’ning mulkdoriga nisbatan jarima solish to`g`risidagi qaror shakllantirilib, tegishli ta`sir chorasi qo`llangan.
Ma`lum qilinishicha, Jaloliddin Ahmadaliev Komiljon o`g`liga tegishli bo`lgan 40 T 025 FB davlat raqam belgili Toyota’ning jami 9 ta holatda 8 million 250 ming so`m miqdordagi qarzdorligi mavjud.






