Romitan tumanida 10 avgust kuni Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo`yicha yig`ilish bo`lib o`tdi.
Yig`ilish boshida Buxoro viloyatidagi yangi sanoat, xizmat ko`rsatish va ijtimoiy soha majmualarini ishga tushirish marosimi bo`ldi. Bular – Vobkent tumanidagi “Vobkent tola klaster”, Qorako`l tumanidagi “Qorako`l kumush kalava”, Qorovulbozor tumanidagi “Buxoro real moto”, Buxoro shahridagi “Ekvatorial chodak”, Kogon shahridagi “Konchi” va “Prom tekstil”, G`ijduvon va Peshku tumanlaridagi yog`-moy korxonalari, Buxoro shahridagi mehmonxona va Buxoro tumanidagi tibbiyot birlashmasidir.
Davlat rahbari ramziy tugmani bosib, ushbu majmualarni ishga tushirdi.
Shundan so`ng Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish choralari, bu borada yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim bo`lgan asosiy vazifalar muhokama qilindi.
Avvalo, iqtisodiy ko`rsatkichlar qayd etilib, qo`shimcha imkoniyatlar ko`rsatib o`tildi.
Joriy yilning olti oyida Buxoroda sanoat 5,3 foizga o`sgan. Jami eksport 124 million dollarni tashkil etgan. Shu davrda 250 million dollar to`g`ridan-to`g`ri investisiyalar jalb qilingan bo`lib, o`tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 baravarga oshgan. Lekin ayrim shahar va tumanlarda bu ko`rsatkichlar tushgan.
Yil yakuniga qadar 858 ta loyiha ishga tushirilib, 15 mingta ish o`rni yaratilishi aytib o`tildi. Umuman, 250 ming aholini band qilish zarur.
Sanoatda importni 150 million dollarga qisqartirib, eksportni 400 million dollarga etkazish vazifasi belgilandi. Viloyatning turizm salohiyatini to`liq ishga solib, 25 ming aholi bandligi va 300 million dollar eksport tushumini bemalol ta`minlash mumkinligi ta`kidlandi.
Yig`ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan viloyat, shahar va tumanlar hokimlarining hisoboti eshitildi.






