Ekvadorda 20 avgustga belgilangan prezidentlik saylovlari sanasi nomzodlardan birining o`ldirilishi fonida o`zgarmaydi dedi mamlakat milliy saylov kengashi rahbari Diana Atamaint.
“20 avgustga belgilangan saylovlar sanasi o`zgarishsiz qoladi”, — dedi u Ekvador Prezidenti ma`muriyatining YouTube`dagi kanalida efirga uzatilgan xalqqa murojaatida.
Avvalroq nomzodlardan biri Fernando Villavisensio tahdidlarga uchragani va chorshanba kuni Kitodagi miting chog`ida o`ldirilgani, hujum oqibatida to`qqiz kishi jarohatlangani haqida xabar bergan edik. Ekvador Bosh prokuraturasi qotillikda gumon qilingan shaxs otishmada yo`q qilinganini ma`lum qilgan. Mamlakat bo`ylab 60 kunlik favqulodda holat va 3 kunlik motam e`lon qilindi.






