AsosiyJamiyat

"Milliy elektr tarmoqlari" nega faqat zararga ishlashiga izoh berildi

'"Milliy elektr tarmoqlari" nega faqat zararga ishlashiga izoh berildi'ning rasmi

Avvalroq, Gazeta.uz "O`zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati 2022 yilda eng ko`p zarar ko`rgan davlat ulushdorligidagi korxona bo`lgani haqida yozgandi. Kompaniya bunga izoh berib, yil 4,34 trln so`m zarar bilan yakunlagani xususidagi axborot to`g`ri ekanini va buning o`ziga xos sabablari mavjudligini ma`lum qildi.

Unga ko`ra, aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy faoliyati bo`yicha asosiy daromadi elektr energiyasining yagona xaridi va sotishidan shakllanadi. Kompaniya zarar ko`rishiga asosiy sabab elektr energiyasini qimmat xarid qilib, arzon sotgani hisoblanadi.

Tarmoq ichki tariflariga asosan (bu tariflar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasining 7-, 10- va 12-sonli bayonlari bilan tasdiqlangan) elektr energiyasini sotib olish (o`rtacha 388,1 so`m) va sotish (o`rtacha 348,8 so`m) narxlari orasidagi salbiy farq mavjud. Bu salbiy farq natijasida «O`zbekiston milliy elektr tarmoqlari» har bir kVt soat energiyani 39,3 so`m zarar evaziga hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga etkazib bergan.

Korxonaning joriy yil uchun tasdiqlangan Biznes rejasida kompaniya 2023 yildan ham zarar bilan chiqishi nazarda tutilgan.

«O`zbekiston milliy elektr tarmoqlari» 2023 yil birinchi choragida ishlab chiqaruvchi korxonalardan jami 18,6 mlrd kVt soat elektr energiyasini qo`shilgan qiymat solig`i bilan o`rtacha 426,2 so`mdan xarid qilib, hududiy elektr tarmoq korxonalariga 18,8 mlrd kVt soat hajmda o`rtacha 405,4 so`mdan sotgan, ya`ni har bir kVt soatdan 20,8 so`mdan zarar ko`rgan.

    Boshqa yangiliklar