2022 yilda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Chiqindilar bilan bog`liq ishlarni tashkil etish tizimini isloh qilish bo`yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to`g`risida”gi 189-son farmoni bilan maishiy chiqindilarni to`plash, tashish, saralash va qayta ishlash faoliyati bilan shug`ullanuvchi sanitar tozalash korxonalariga qator imtiyozlar taqdim etildi.
Ta`kidlash joizki, ushbu preferensiyalarning taqdim etilishi turli qiyinchiliklar ta`siridan chiqib keta olmayotgan soha korxonalari uchun ayni muddao bo`lib xizmat qilmoqda. Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlari raisligida tashkil etilgan tender komissiyalari tomonidan ochiq tenderlarda ishtirok etgan va davlat-xususiy sheriklik bitimini imzolash huquqini qo`lga kiritib, g`olib bo`lgan barcha tadbirkorlar bir qancha ijtimoiy va iqtisodiy imtiyozlarga ega bo`lishdi.
Farmon ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida quyidagi yutuqlarga erishildi:
• 126 ta tuman-shaharlarda xizmat ko`rsatib kelayotgan xususiy sheriklar – tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan 67 ta davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihalari ishga tushirildi;
• sohada xususiy sektor ulushi 80 foizga etkazildi;
• xizmat ko`rsatish bilan qamrov darajasi DXSh loyihalari amalga oshirilgan hududlarda 98 foizga oshdi;
• xizmat ko`rsatish hajmi 2021 yilning mos davriga nisbatan 36 foizga ortdi va 66,1 mlrd so`mni (2021 yil mart oyida 48,7 mlrd so`m), majburiy to`lovlarni undirish darajasi esa 38 foizga ortib, 50,5 mlrd so`mni (2021 yil mart oyida 35,8 mlrd so`m) tashkil qildi va bu ko`rsatkichlar o`sishda davom etmoqda;
• bugunga qadar 174,3 mlrd so`m xususiy investisiya mablag`lari jalb etilgan.
DXSh loyihalari doirasida imzolangan bitimlarga muvofiq xususiy sheriklar tomonidan jami 1261 mlrd so`mlik investisiya kiritish hisobiga 1129 ta chiqindi tashish maxsus texnikasi va 7827 ta chiqindi konteyneri xarid qilish, 1017 ta chiqindi yig`ish shoxobchasi, 72 ta qayta yuklash stansiyasi, 60 ta saralash va 49 ta qayta ishlash zavodlarini qurish nazarda tutilgan.
Shu o`rinda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi chiqindilar bilan bog`liq ishlarni boshqarishda tashabbus ko`rsatayotgan xususiy sektordagi sanitar tozalash korxonalari faoliyatini tashkil etish bilan bog`liq hujjatlar bilan yaqindan tanishtirish, yutuq va kamchiliklarni o`rtoqlashish uchun hamkorlikka doim tayyor ekanligini ma`lum qiladi.






