AsosiyJamiyat

Endilikda fuqarolar normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o`tkazishda ishtirok etishi mumkin

'Endilikda fuqarolar normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o`tkazishda ishtirok etishi mumkin'ning rasmi

“Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to`g`risida”gi Qonun (O`RQ–860-son, 08.08.2023 y.) Prezident tomonidan imzolandi.

Qonunga ko`ra, Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o`tkazuvchi sub`ektlar quyidagilardan iborat:

  • Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi;
  • Adliya vazirligi va uning hududiy bo`linmalari;
  • normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ishlab chiquvchilari bo`lgan davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari;
  • tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta`minlash o`z zimmasiga yuklatilgan davlat organlari va tashkilotlari.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi quyidagi hollarda normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o`tkazadi:

o`z tashabbusiga ko`ra – har qanday normativ-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan o`rganish va tekshirishlar natijalari bo`yicha normativ-huquqiy hujjatning qo`llanilishi chog`ida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar fakti aniqlangan hollarda;

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining va ular organlarining, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlariga ko`ra.

Adliya vazirligi:

O`zbekiston Respublikasining qonunlari, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarining;

vazirliklar, davlat qo`mitalari va idoralarning davlat ro`yxatidan o`tkaziladigan buyruqlari hamda qarorlarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o`tkazadi.

Nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik ekspertizasini qonunchilikda belgilangan tartibda o`tkazishga haqli bo`lib, ushbu ekspertiza doirasida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga doir takliflar va tavsiyalar ishlab chiqilishi mumkin.

O`zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari davlat organlari hamda tashkilotlari tomonidan o`tkaziladigan normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o`tkazish jarayonida ishtirok etishi mumkin.

Normativ-huquqiy hujjatlardagi va ularning loyihalaridagi korrupsiyani keltirib chiqaruvchi asosiy omillar jumlasiga quyidagilar kiradi:

  • normalarning barqarorligi va huquqiy jihatdan muvofiqligi bilan bog`liq bo`lgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar;
  • vakolatlar, huquq va majburiyatlar bilan bog`liq bo`lgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar;
  • ma`muriy tartib-taomillar bilan bog`liq bo`lgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar;
  • nazorat-tekshirish faoliyati bilan bog`liq bo`lgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar.

Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o`tkazish bo`yicha ekspertlar reestri Adliya vazirligi tomonidan yuritiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi o`tkazilishi chog`ida ularga Adliya vazirligi bilan birgalikda uslubiy yordam ko`rsatadi.

Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi.

    Boshqa yangiliklar