Anomal issiq ta`sirida O`zbekistonda elektr energiyasi iste`moli hajmi bo`yicha rekord ko`rsatkichlar yangilandi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, 13 iyun kuni mamlakatimizda jami 231,7 mln kVt/soat elektr energiyasi sarflandi. Bu miqdor iyun oyi uchun rekord ko`rsatkich hisoblanadi. Bundan bir yil muqaddam xuddi shu kuni 202 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlatilgan bo`lib, o`sish ko`rsatkichi 14,7 foizni tashkil qilmoqda.
Bugun, 14 iyun kuni soat 11:00 ga qadar esa soatlik ehtiyoj hajmi 11 080 MVtni tashkil qildi. Bu esa 2022-yilning xuddi shu sanasidagi holat bilan taqqoslanganda, 1600 MVt (15,4 foiz) ko`p elektr toki sarflangan, deganidir. Ushbu quvvat deyarli to`rtta bug`-gaz qurilmasining yoki ikkita “To`raqo`rg`on” IESning quvvatiga teng.
Aytish kerakki, rekord qo`yish bugun ham davom etib, 14 iyun sanasi mobaynida sutkalik elektr energiyasi iste`moli 238-239 mln kVt/soatga etishi kutilyapti.
Mazkur raqam 2022 yilning mos davrida qayd etilgan iste`mol miqdoridan qariyb 30 mln kVt/soat yoki 14,8 foiz ko`pdir.
2022 yilning iyul oyida yuz bergan eng anomal issiq haroratli davrda ham maksimal yuklama 10 800 MVtdan, sutkalik maksimal iste`mol hajmi esa 238,2 mln kVt/soatdan oshmagan edi.
Elektr energiyasining yuqori iste`moli, ayniqsa, Toshkent shahrida kuzatilyapti. Masalan, 2021-yilning 13 iyun sanasida poytaxt aholisi 7,6 mln kVt/soat tok ishlatgan bo`lsa, bu ko`rsatkich 2022 yilning xuddi shu kunida 17,08 mln kVt/soatni, bu yil esa 26,4 mln kVt/soatni tashkil qilgan.
Ayrim hududlarda tizim doirasida ta`mirlash ishlarining muntazam olib borilishiga qaramasdan mavjud barcha elektr stansiyalari tomonidan etarli miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqarilyapti. Buning uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan, zarur miqdorda yoqilg`i materiallari zaxirasi qilingan, kerakli mutaxassislar, ishchi-xodimlar jalb etilgan. Shuningdek, kelishuvlarga asosan qo`shni davlatlardan belgilangan hajmlarda elektr energiyasi import qilinib, ichki iste`molga yo`naltirilyapti.
Ma`lumki, havo haroratining ko`tarilishi natijasida elektr energiyasiga bo`lgan talab ham keskin oshadi. Natijada elektr tarmoqlari va transformator punktlarida yuklamalar ortishi, tarmoqda esa turli nosozliklar kelib chiqishi tabiiy. Xususan, anomal issiq elektr tarmoqlarining o`tkazuvchanlik qobiliyatini ham 20 foiz tushirib, tizimda yo`qotishlarni hosil qilishi mumkin.






