AsosiyJamiyat

Toshkentda informatika o`qituvchisini kaltaklagan o`quvchi va uning ota-onasi barcha ustoz va murabbiylardan uzr so`radi

'Toshkentda informatika o`qituvchisini kaltaklagan o`quvchi va uning ota-onasi barcha ustoz va murabbiylardan uzr so`radi'ning rasmi

Avvalroq, Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 62-sonli maktabning informatika fani o`qituvchisi 8 iyun kuni maktab o`quvchisi va uning oila a`zolari tomonidan kaltaklangani haqida xabar bergan edik. 

2023 yil 12 iyun kuni Uchtepa tumanida Toshkent shahar IIBB boshlig`i general-mayor Aziz Tashpulatov boshchiligida yig`ilish o`tkazildi. O`tkazilgan yig`ilishda joriy yilning 10 iyun kuni Uchtepa tumanidagi 62-sonli maktabning 10-sinf o`quvchisi, Saidxalil S. (2006 y.t) shu maktabning “Informatika” fani o`qituvchisi, Samandar B.ni (1999 y.t) urib, tan jarohati etkazganligi holati muhokama qilindi. Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani IIO FMB Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi ("Bezorilik") bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan, tergov yakuni bo`yicha qonuniy chora ko`rilishi ta`minlanadi.

Jabrlangan o`qituvchi hamda voyaga etmagan huquqbuzar aka-ukalar, ularning ota-onasi, mahalla raisi va faollari ishtirokida tanqidiy muhokama o`tkazildi. Muhokama yakunida voyaga etmagan huquqbuzar va uning ota-onasi barcha ustoz va murabbiylardan uzr so`rab, bu kabi holat boshqa qaytarilmasligini aytib o`tishdi.

Muhokama davomida, 62-sonli maktab direktori X.Maxkamova, bolalarning sinf rahbari va 20 nafar o`qituvchilarning sodir etilgan holat yuzasidan fikr va mulohazalari tinglanib, qat`iy choralar ko`rilishi to`g`risida mas`ul rahbarlarga aniq vazifa va topshiriqlar berildi.

Bu kabi noxush holatlarni oldini olish maqsadida, barcha tuman IIO FMB boshliqlari, hududiy xalq ta`lim bo`limlari va tegishli mutasaddi idora rahbarlari bilan hamkorlikda, poytaxt hududidagi 418 ta maktabning o`quvchi va o`qituvchilari o`rtasida tanqidiy muhokama yig`ilishlari o`tkazilishi rejalashtirildi.

Barcha tuman IIO FMB boshliqlari, hududiy halq ta`lim bo`limlari va maktab direktorlari Toshkent shahri bo`yicha 2 278 nafar tarbiyasi og`ir voyaga etmaganlarga mas`ul biriktirib, har biri bilan yakka tartibda yondashgan holda doimiy nazoratini olib borilishi belgilandi.

    Boshqa yangiliklar