Gaaga Xalqaro jinoiy sudi vakillari Kaxovka to`g`oni buzilishini tekshirishga kirishdi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy kechki murojaatida ma`lum qildi deb xabar bermoqda Zamon.uz nashri.
Zelenskiyning o`zi ham toshqindan jabr ko`rgan Xerson viloyatiga etib kelgan. Kecha Xalqaro jinoiy sud vakillari Xerson viloyatiga tashrif buyurishdi. Hodisaning ertasiyoq Bosh prokuror Gaaga sudiga ushbu voqeani tergov qilish bo`yicha tegishli murojaat yuborgan. Va ish allaqachon boshlangan. Hozir «Xalqaro adolat vakillari Rossiyaning ushbu terakti oqibatlarini o`z ko`zlari bilan ko`rishmoqda», – dedi prezident.
Zelenskiy tergovga hissa qo`shishga va`da berdi.
«Barcha huquq-tartibot idoralarimiz va boshqa institutlarimiz bu jarayonga imkon qadar jalb qilingan. Jabrlangan hududlarda guvohlarga, barcha ma`lumotlar, dalillarga to`liq kirish imkoni beriladi. Terrorchi davlat uchun to`liq va adolatli javobgarlik muhim. Bu dunyoda bunday yovuzliklar endi takrorlanmasligi uchun zaruriy shart», dedi u.
Ma`lumot uchun: GESning buzilishi bilan bog`liq hodisada Ukraina, Evropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya Rossiyani aybladi. Rossiya tomoni ayblovlarni inkor etib kelmoqda.






