AsosiyJamiyat

Tadbirkorlarning bankdagi mablag`lari daxlsizligini ta`minlashga doir me`yorlar belgilandi

'Tadbirkorlarning bankdagi mablag`lari daxlsizligini ta`minlashga doir me`yorlar belgilandi'ning rasmi

Joriy yilning 10 may kuni Prezident tomonidan imzolangan O`RQ–841-son Qonun bilan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi hamda Jinoyat kodeksida tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag`lari daxlsizligini ta`minlashga qaratilgan qo`shimcha va o`zgartishlar kiritildi. 

Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga muvofiq – tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablag`larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o`tkazish yoki olib qo`yish yoxud ortiqcha undirilgan pul mablag`larini o`z vaqtida qaytarmaslik oz miqdorda talon-toroj qilish alomatlari mavjud bo`lmagan taqdirda – BHMning 20 baravaridan 40 baravarigacha (6,6 mln so`mdan 13,2 mln so`mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi. 

Jinoyat kodeksiga muvofiq – 
Yuqoridagi holatlar ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin sodir etilsa, quyidagi jazo choralaridan biri qo`llanilishiga sabab bo`ladi: 

▫️BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima;
▫️3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish;
▫️300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari; 
▫️3 yilgacha axloq tuzatish ishlari; 
▫️3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

O`sha harakatlar:

ko`p miqdorda zarar etkazgan holda;

bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo`lsa, 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

O`sha harakatlar: 

juda ko`p miqdorda zarar etkazgan holda;

uyushgan guruh manfaatlarini ko`zlab sodir etilgan bo`lsa, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Etkazilgan moddiy zararning o`rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo qo`llanilmaydi.

    Boshqa yangiliklar