AsosiyJamiyat

O`zbekistonga gepatit C ga qarshi dori vositalarining yana bir partiyasi etib keldi

'O`zbekistonga gepatit C ga qarshi dori vositalarining yana bir partiyasi etib keldi'ning rasmi

13 may kuni «Uzbekistan airways» aviakompaniyasi Misr hukumati tomonidan O`zbekiston shifoxonalarida foydalanish uchun insonparvarlik yordami sifatida ajratilgan, dunyoda keng tarqalgan kasalliklardan biri – S gepatitiga qarshi “Daklatasvir” dori vositasining uchinchi  partiyasining Sharm ash-Shayxdan Toshkentga bepul etkazib berdi. 

Mazkur aksiyani O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatimizning Qohiradagi Elchixonasi va «Uzbekistan airways» aviakompaniyasi tashkil etgan bo`lib, ushbu yukning yurtimizga olib kelinishi O`zbekiston va Misr o`rtasida sog`liqni saqlash sohasida hamkorlikni yanada jadallashtirish, virusologiyada o`zaro qo`llab-quvvatlashni tashkil etish doirasida avval erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasidir.

Umumiy qiymati 34930 AQSh dollarini tashkil etgan 17 mingdan ortiq “Daklatasvir” dori vositalari O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan shifotalab bemorlarga taqsimlanadi.

Aytib o`tish joizki, Misr sog`liqni saqlash vazirligi bilan 2023-2024 yillar davomida umumiy qiymati 4,8 million dollarlik jami 800 ming dona (40 tonnaga yaqin) S gepatitiga qarshi “Daklatasvir” va “Sofosbuvir” dori vositalarini yurtimizga bepul etkazib berish bo`yicha kelishuvlarga erishilgan. 

    Boshqa yangiliklar