Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 11-paketi bo`yicha yig`ilishda Evropa Ittifoqiga a`zo davlatlar vakillari bir qarorga kela olmadi. Kelasi haftaga yana bir uchrashuv rejalashtirilgan. Bu haqda zamon.uz xabar bermoqda.
Polshaning Evropa Ittifoqidagi elchisi Anjey Sados Rossiya Federasiyasiga qarshi sanksiyalar bilan bog`liq ko`plab masalalar texnik jihatdan juda murakkab va shuning uchun ham ehtiyotkorlik bilan ekspert tahlilini talab qilishini ta`kidladi. Shu bilan birga, u keyingi uchrashuvda sanksiyalar paketi kelishib olinishi mumkinligiga umid bildirdi.
Sados, xususan, Rossiya transport kompaniyalariga nisbatan cheklovlar joriy etish taklifini inobatga olganini qo`shimcha qildi.
Uning eslatishicha, Varshava Rossiyadan Evropa Ittifoqiga qishloq xo`jaligi mahsulotlarini olib kirishni taqiqlashga chaqiradi.
Avvalroq Rossiya Federasiyasiga qarshi yangi sanksiyalar bo`yicha muzokaralar kechiktirilishi mumkinligi xabar qilingandi. Ayrim Evropa Ittifoqi davlatlari sanksiyalarni juda yumshoq deb hisoblasa, boshqalari xalqaro munosabatlariga putur etkazishdan qo`rqishadi.






