2016 yil 7 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev bilan Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi.
O`zbekiston rahbari Rossiya Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga sihat-salomatlik va davlat rahbari sifatidagi serqirra faoliyatiga muvaffaqiyatlar, Rossiya xalqiga tinchlik-xotirjamlik va farovonlik tiladi.
O`zbekistonda Vladimir Putinning mamlakatlarimiz o`rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash hamda rivojlantirishga qo`shayotgan shaxsiy hissasi yuksak qadrlanadi.
Shavkat Mirziyoev va Vladimir Putin savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o`zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo`yicha turli darajada O`zbekiston – Rossiya muloqotlari faollashayotganini mamnuniyat bilan ta`kidladilar.
O`zbekiston va Rossiya rahbarlari o`zaro hamkorlikka doir boshqa qator masalalar va ayrim xalqaro muammolar yuzasidan ham fikr almashdilar.





