Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent ahli vakillari taniqli haykaltaroshning asarini sindirib tashlagani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Mirobod tumani hokimligi tomonidan O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan san`at arbobi, taniqli haykaltarosh Damir Ro`ziboevning asarini sindirib tashlagani haqidagi xabarlarni noxolis ekanligi aytildi.
Ta`kidlanishicha, san`at asari sifatida taqdim etilayotgan ushbu haykallar vaqt ta`sirida o`z muqimligini yo`qotgan, qolaversa haykallarning yaxlit emasligi, piramida shaklida bir-birining ustiga qo`yilgan holatda joylangani qulab tushish xavfini yuzaga keltirgan.
Bu esa shu hududda yashovchi fuqarolar, xususan, bolalarning xavfsizligi uchun qayg`urayotgan aholining haqli e`tirozlariga sabab bo`lgan.
"Ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim manbalar, xususan, “Eltuz” kanalida iddao qilinganiday bu o`rinda hech qanday diniy masala mavjud emas.
Haykallar haykaltaroshga bolalar uchun ijod maktabi tashkil etish maqsadida ajratilgan hudud sotib yuborilganda, ya`ni taxminan 1,5 yillar oldin ko`p qavatli uyning oldiga olib chiqilgan va o`sha vaqtdan buyon asar egasi hamda aholi o`rtasida haykallarni boshqa joyga olib ketish bo`yicha o`tkazilib kelinayotgan muhokamalar hech qanday natija bermagan.
Shu o`rinda, xabarni e`lon qilgan ijtimoiy tarmoq vakillaridan oddiy ijtimoiy masalani diniy kelishmovchilikka aylantirishga urinishdan, omonat haykallarni YuNESKO butunjahon merosi ob`ekti deb tan olingan haykallarga tenglashdan va farzandlari xavfsizligini o`ylayotgan fuqarolarni radikallikda ayblashdan tiyilishni so`rardik", -deyiladi xabarda.






