Muhokamalar portaliga Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirining “2023/2024-o`quv yilidan boshlab oliy ta`lim muassasalari magistratura mutaxassisliklariga hamda oliy ta`limdan keyingi ta`lim ixtisosliklariga hujjat topshirishda talab etiladigan xorijiy tillarni bilish darajasini baholovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar ro`yxatini tasdiqlash to`g`risida”gi buyrug`i loyihasi joylashtirildi.
Unga ko`ra, 2023/2024-o`quv yilidan boshlab OTMlarning magistratura mutaxassisliklariga hamda oliy ta`limdan keyingi ta`lim ixtisosliklariga hujjat topshirishda filologiya yo`nalishlari bo`yicha kamida C1 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat, nofilologik yo`nalishlari bo`yicha esa B2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat talab etilishi belgilanadi.
Xalqaro sertifikatlar taqdim etishda hujjatdagi talabgorning ism-sharifi lotin harflarida hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjatga muvofiq bo`lishi kerak. Shuningdek, magistratura va oliy ta`limdan keyingi ta`lim uchun hujjat topshirishda filologiya yo`nalishi bo`yicha hujjat topshirayotgan talabgorlar aynan o`zlari tanlagan til yo`nalishi bo`yicha til bilish darajasini baholovchi sertifikatni taqdim etishlari lozim.
Shu bilan birga, til bilish darajasini baholovchi sertifikatlar til bilish ko`nikmalarining barcha turlarini (tinglab tushunish, o`qib tushunish, yozish va gapirish) o`z ichiga olishi kerak.






