AsosiyJamiyat

O`zbekiston va Tojikiston prezidentlari kelgusidagi rejalarini telefon orqali muhokama qilishdi

'O`zbekiston va Tojikiston prezidentlari kelgusidagi rejalarini telefon orqali muhokama qilishdi'ning rasmi

Shavkat Mirziyoev 5 may kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Tojikiston etakchisi davlatimiz rahbarini O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish bo`yicha umumxalq referendumi muvaffaqiyatli o`tkazilgani bilan samimiy tabrikladi.

Suhbatda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

O`zbekiston-Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanib, savdo-iqtisodiy hamkorlik sur`ati oshib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

O`zaro savdo hajmi, qo`shma loyiha va korxonalar soni o`smoqda. Chegaraoldi savdo-logistika zonasi barpo etilmoqda. Faol madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etmoqda – mart oyida Dushanbe shahrida ikki mamlakat etakchi oliy ta`lim muassasalari rektorlarining birinchi forumi samarali o`tdi.

O`zbekiston va Tojikiston Prezidentlari joriy kooperasiya loyihalarini jadallashtirish va amaliy hamkorlikning yangi yo`nalishlarini ishlab chiqish uchun Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig`ilishi va ikkinchi Hududlar forumi kun tartibini puxta tayyorlash muhim ekanini ta`kidladilar.

Mintaqaviy hamkorlik, shu jumladan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko`rish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Bo`lajak tadbirlar rejasi ham ko`rib chiqildi.

    Boshqa yangiliklar