AsosiyDunyo

Putinning matbuot kotibi Kremlga hujum ortida AQSh turganini aytdi. Vashington ayblovga javob qaytardi

'Putinning matbuot kotibi Kremlga hujum ortida AQSh turganini aytdi. Vashington ayblovga javob qaytardi'ning rasmi

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kremlga uchirilgan dronlar hujumi ortida AQSh turganini aytdi. Bu haqda “Vedomosti” xabar berdi.

Uning so`zlariga ko`ra, Kiev rejimining xatti-harakatlari Vashington tomonidan buyruq asosida bajariladi va Moskva buni yaxshi biladi. U Rossiya tomonida mavjud bo`lgan ma`lumotlar dronlar Ukraina tomonidan uchirilganidan dalolat berishini aytdi.

“Kievda ham, Vashingtonda ham buni rad etishga urinishlar kuzatilayotgani, albatta, bema`nilik. Biz yaxshi bilamizki, bunday harakatlar, ‘teraktlar’ bo`yicha qarorlar Kievda emas, Vashingtonda qabul qilinadi. Kiev esa berilgan topshiriqni bajarmoqda”, — dedi Peskov.

 

Putinning matbuot kotibi Kremlga dronlar hujumi sinchkovlik bilan tekshirilmoqda, hozir bu bilan Rossiya Tergov qo`mitasi va maxsus xizmatlar shug`ullanmoqda, biroq Peskov tergov natijalari qachon bo`lishini aytish qiyinligini bildirdi.

Putinning ushbu mavzu bo`yicha alohida chiqishi, shuningdek, Xavfsizlik kengashi yig`ilishi o`tkazishi rejalashtirilmagan. Biroq odatdagidek 5 may kuni Xavfsizlik kengashining doimiy a`zolari bilan tezkor yig`ilishda bu mavzu ko`tarilishi mumkin.

Peskov dronlarning hujumiga qanday javob bo`lishi mumkinligi haqidagi savolga “xilma-xil” deb javob berdi va aniqlik kiritmadi.

 

 “Har qanday holatda ham, biz faqat o`ylangan, mamlakatimiz manfaatlariga mos keladigan muvozanatli qadamlar haqida gapirishimiz mumkin”, — dedi u.

 

Shuningdek, Peskov dronlarning qaerdan uchirilgani tafsilotlarini oshkor qilmagan va bularning barchasiga o`z vaqtida maxsus xizmatlar oydinlik kiritishini ta`kidlagan. 

Uning so`zlariga ko`ra, Kremlda xavfsizlik choralari allaqachon kuchaytirilgan.

AQSh ayblovlarni rad etdi

Oq uy hujumga aloqadorlik bo`yicha Rossiya ayblovlarini “be`mani” deb baholadi. AQSh Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo`yicha koordinatori Jon Kirbi tomonidan tegishli bayonot e`lon qilindi, deydiCNN.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Kreml xabarining to`g`riligiga shubha bildirib, Oq uy Ukrainani Rossiya hududiga zarba berishga undamayotganini ta`kidladi.

    Boshqa yangiliklar