AsosiyJamiyat

O`zbekiston Qirg`iziston bilan ID-karta orqali kirib-chiqish haqidagi bayonnomani tasdiqladi

'O`zbekiston Qirg`iziston bilan ID-karta orqali kirib-chiqish haqidagi bayonnomani tasdiqladi'ning rasmi

27 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoev “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to`g`risida” qaror imzoladi.

Qaror bilan, 2006 yil 3 oktyabrda Toshkent shahrida imzolangan O`zbekiston va Qirg`iziston hukumatlari o`rtasida fuqarolarning o`zaro kelib-ketishlari to`g`risidagi bitimga o`zgartirishlar kiritilmoqda.

Bu o`zgarishlar haqidagi bayonnoma 2023 yil 27 yanvar kuni Mirziyoevning Bishkekka davlat tashrifi vaqtida imzolangan edi. Unga ko`ra, ikki mamlakat fuqarolari xorijga chiqish pasportisiz, ID-kartani ko`rsatgan holda o`zaro chegarani kesib o`tishi mumkin bo`ladi.

O`zbekiston tomonidan qaror ijrosini ta`minlashga Ichki ishlar vazirligi va DXX Chegara qo`shinlari mas`ul etib belgilandi. Tashqi ishlar vazirligi O`zbekiston Respublikasi tomonidan bu xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun zarur bo`lgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilgani haqida Qirg`iziston tomoniga bildirishnoma yuboradi.

Yangi tartib qachondan kuchga kirishi ma`lum emas.

Engillik amaliyotga tatbiq etilgach, fuqarolarning chegaradan kirish-chiqishi haqidagi ma`lumotlar elektron tarzda qayd etiladi, pasportga shtamp bosishga hojat qolmaydi.

Bu tartib istalgan transport orqali (samolyot, poezd, avtomobil, avtobus va hk) chegarani kesib o`tishda amal qilishi aytilgan.

Eslatib o`tamiz, bugungi kungacha hali birorta davlat bilan ID-karta orqali o`zaro borib-kelish tartibi yo`lga qo`yilmagan edi. Qirg`iziston birinchisi bo`ldi.

    Boshqa yangiliklar