O`zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligida Janubiy Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) prezidenti Kim In Shik rahbarligidagi delegasiya vakillari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.
Iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan hamkorlikdagi loyihalar hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilmoqda. O`zbekiston Mehnat vazirligi va KOICA hamkorligida “O`zbekistonda kasb ta`limi imkoniyatlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida kasb-hunar kollejlarini bitirgan yoshlar, ish bilan band bo`lmagan aholi mehnat bozorida talab yuqori bo`lgan kasblarga tayyorlanmoqda. Bu haqda O`zA xabar beradi. Bu yo`nalishda 2012 yilda Toshkent shahrida kasb ta`limi markazi ish boshlagan. O`tgan davrda mazkur markazda ikki mingdan ziyod yoshlar ta`lim oldi va mutaxassisligi bo`yicha ish bilan ta`minlandi.
Joriy yilda Samarqand shahrida ham hamkorlikda kasb ta`limi markazi ochildi.
KOICA va O`zbekiston Mehnat vazirligi hamkorligida Urganch, Shahrisabz va Qo`qon shaharlarida ham o`quv markazlari ochilishi rejalashtirilgan.
Tadbirda tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan O`zaro anglashuv memorandumini imzoladi.
Janubiy Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi delegasiyasi mamlakatimizning bir qator vazirlik va idoralarida ham muzokaralar o`tkazdi.





