O`zbekiston Adliya vazirligiga 2023 yilning birinchi choragi davomida 355 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertizadan o`tkazish uchun kiritilgan. Bu haqda vazirlik matbuot kotibi ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, ushbu normativ-huquqiy hujjat loyihalarining 59 tasi qonun hujjatlari, 101 tasi prezident hujjatlari, 195 tasi esa hukumat qarori loyihalari hisoblanadi. Birinchi chorakda kelib tushgan 355 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarining 312 tasi huquqiy ekspertizadan o`tkazilgan.
Ulardan 187 ta hujjat loyihasining (60 foizga yaqin) huquqiy ekspertiza natijalari bo`yicha ijobiy xulosa berilgan. 125 ta hujjat loyihasi amaldagi qonunchilik hujjatlari va yuridik texnika qoidalariga zid ekanligi, korrupsiyaviy omillar mavjudligi va boshqa e`tirozlar bilan, shuningdek, yana 43 ta loyiha reglament talablariga rioya qilinmagani bois ishlab chiquvchilarga qaytarilgan.
Adliya vazirligi tomonidan korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkazilgan loyihalarning 52 tasida 82 ta korrupsiyaviy omil aniqlangan.
Xususan, aniqlangan korrupsiyaviy omillarning:
- 5 tasi normalar barqarorligi va huquqiy muvofiqligi bilan bog`liq;
- 39 tasi (48 foiz) vakolatlar, huquq va majburiyatlar bilan bog`liq;
- 38 tasi (46 foiz) ma`muriy tartib-taomillar bilan bog`liq korrupsiyaviy omillar hisoblanadi.
Hududiy adliya organlariga 2023 yil birinchi choragi davomida mahalliy davlat hokimiyati organlarining jami 866 normativ tusdagi qaror loyihalari kelib tushgan bo`lib, ularning 477 tasiga e`tirozlarsiz rozilik xulosasi berilgan.
142 tasiga e`tirozlar bilan rozilik xulosasi berilgan, 46 tasi esa qonunchilik hujjatlariga nomuvofiqligi sababli qabul qilinishi maqsadga muvofiq emas deb topilgan, 213 tasi belgilangan talablarga rioya etilmay taqdim etilgani sababli huquqiy ekspertizadan o`tkazilmasdan qaytarilgan.






